Jahon | 08:22
712
2 daqiqa o‘qiladi

O‘ta boy aholi soni eng tez o‘sgan davlat ma’lum bo‘ldi

2026 yilda dunyodagi o‘ta boy insonlarning asosiy qismi AQSh va Xitoyda yashamoqda. Bu ikki davlat hissasiga jahondagi barcha o‘ta boy shaxslarning qariyb 55 foizi to‘g‘ri keladi.

Knight Frank kompaniyasining Wealth Report 2026 hisobotiga ko‘ra, o‘ta boy aholining mamlakatlar bo‘yicha taqsimoti hanuz juda notekis bo‘lib qolmoqda.

Reytingda AQSh birinchi o‘rinni egallagan. Mamlakatda 250 mingdan ortiq o‘ta boy inson yashaydi. Bunga kuchli fond bozori, rivojlangan startap ekotizimi, yirik xalqaro korporatsiyalar konsentratsiyasi va global investitsiya bozorlariga keng kirish imkoniyati sabab bo‘lgan.

Ikkinchi o‘rinda Xitoy joylashgan bo‘lib, u yerda qariyb 122 ming nafar o‘ta boy fuqaro istiqomat qiladi. Mamlakat iqtisodiyoti o‘sish sur’atlari avvalgidek yuqori bo‘lmasa-da, tadbirkorlik va investitsiya kapitali manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda.



Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya esa reytingning birinchi beshligini yakunlagan. Bu Yevropa hanuz yirik xususiy kapital to‘plangan muhim hududlardan biri ekanini ko‘rsatadi.

So‘nggi yillardagi eng diqqatga sazovor o‘zgarishlardan biri Hindistonning tez yuksalishi bo‘ldi. Agar 2021 yilda mamlakat reytingda 10-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib 6-o‘ringa ko‘tarildi. Bugungi kunda Hindistonda qariyb 20 ming nafar o‘ta boy inson yashaydi.

Rossiya reytingda 13-o‘rinni egallagan bo‘lib, mamlakatda taxminan 8,5 ming nafar o‘ta boy aholi mavjud.

Tadqiqot mualliflari qayd etishicha, millioner va milliarderlar sonining eng tez o‘sishi rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda kuzatilmoqda. Ayniqsa, Polsha so‘nggi besh yilda eng yuqori natijani qayd etgan — mamlakatda o‘ta boy aholi soni 109 foizga oshgan.

Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Vetnam va Indoneziyada ham yirik kapital egalari soni jadal sur’atlarda ko‘paymoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid