Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belgiyadagi harbiy baza ustida 15 ta dron aniqlandi
Dronlar Germaniya bilan chegaradagi Elsenborn aviabazasi ustida paydo bo‘ldi. Belgiya Mudofaa vazirligi voqea yuzasidan tergov olib bormoqda.
Belgiyaning VRT teleradiokompaniyasi 3 oktyabr, jumaga o‘tar kechasi mamlakat sharqidagi Lej provinsiyasida Elsenborn harbiy bazasi ustida 15 ta dron aniqlangani haqida xabar berdi. Baza Germaniya bilan chegara yaqinida joylashgan. Belgiya Mudofaa vazirligi dronlar paydo bo‘lganini tasdiqladi va tergov olib borilayotganini ma’lum qildi.
Elsenborn o‘quv lageri sifatida ishlatiladi, u yerda boshqa narsalar qatori o‘q otish mashqlari ham o‘tkaziladi. VRT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda bazada dronlarni aniqlash tizimi sinovdan o‘tkazilayotgani sababli dronlar tasodifan payqalgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, dronlar Belgiya chegarasini kesib o‘tgan va Germaniyaga yetib kelgan. Telekanalning harbiy tahlilchisi Yyens Fransenning so‘zlariga ko‘ra, ularni Dyuren shahrida politsiyachilar payqab qolgan. Belgiyadagi dronlar aniq qayerdan uchib kelgani hozircha noma’lum.
So‘nggi haftalarda Yevropaning bir qancha davlatlari o‘z havo kengliklarida noma’lum dronlar borligi haqida xabar berdi. Xuddi shunday hodisalar Norvegiya va Daniyadagi aeroportlarning qayta-qayta yopilishiga olib keldi.
Germaniyaning Der Spiegel nashri sentabr oyi oxirida Germaniya shimolidagi Shlezvig-Golshteyn yerida noma’lum uchuvchisiz uchoqlar paydo bo‘lganini xabar qildi. Aytilishicha, ular muhim infratuzilmani kuzatgan.