Moliya | 18:33 / 04.10.2025
9930
6 daqiqa o‘qiladi

Bolalarni pul jamg‘arishga qanday o‘rgatish mumkin?

Bolalarimizga yoshligidanoq pul faqat sarflash uchun emas, balki jamg‘arish uchun ham kerakligini anglatish bilan, ularni katta hayotga tayyorlab borishimiz mumkin. Hayotda mablag‘ni to‘g‘ri boshqarishni bilgan inson iqtisodiy erkinlikka erisha oladi. Shuning uchun bola jamg‘arishni qancha erta o‘rgansa, katta hayotga shunchalik puxta tayyor bo‘ladi.

Buning uchun quyida bir necha tavsiyalar berib o‘tamiz.

Foto: Unsplash

Shaxsiy jamg‘arma idishini sovg‘a qiling

Bola uchun alohida pul to‘plash idishi yoki qiziqarli shakldagi jamg‘arma qutisini olib bering. Uning ko‘ziga ko‘ringan, faqat o‘ziniki bo‘lgan jamg‘arma qutisida pul yig‘ish bolaga ilhom beradi. Shu orqali u o‘z mablag‘iga mas’uliyat bilan qarashni o‘rganadi.

Duch kelgan bir qutini olib, skotchlab bermang. Bolaga ta’lim berishda qiziqarli uslublarni tanlash muhimdir.

Kichik maqsad qo‘ying

«Velosiped olish uchun jamg‘aramiz» yoki «Yangi o‘yinchoq uchun pul to‘playmiz» degan maqsadlar bolaga motivatsiya beradi. Maqsadsiz jamg‘arish unga zerikarli va tushunarsiz bo‘lib tuyuladi.

Har qanday jamg‘arma aniq maqsad bilan bo‘lgandagina muvaffaqiyatli kechishi mumkin. Shuning uchun ham ayrim bolalar pul jamg‘ara olmaydi, chunki ota-onasi “Pulingning bir qismini jamg‘arib bor” deydi-yu, lekin nima uchun jamg‘arish kerakligini tushuntirmaydi. Natijada bola ozroq pul yig‘ilishi bilan uni sarflashga qiziqa boshlaydi.

To‘g‘risiyam-da, buyoqda shirindan-shirin shokaladlar, rangli ichimliklar turganda pulni maqsadsiz ravishda qutiga solish mantiqsizlik axir.

Foto: Unsplash

Doimiy tushum tizimini joriy eting

Har haftalik kichik “cho‘ntak puli” yoki ba’zi bir ishlar uchun mukofot tariqasida oz miqdorda pul berish mumkin. Masalan, xonani tozalagani yoki o‘qishdagi muvaffaqiyati uchun. Bu pulni qanday sarflashni va qaysi qismini jamg‘arishni esa o‘zi hal qiladi. Bola shunday uslubda mustaqil qaror qabul qilishni o‘rganadi.

Unga pul jamg‘arishni mukammal o‘rgatganimiz bilan, qo‘liga pul tushmasa, qayerdan pul yig‘sin?! Shuning uchun ta’lim berish maqsadida bo‘lsa ham, o‘rganganlarini amalda qo‘llashi uchun ham unga ba’zida pul berib turishni odat qiling. U pullarni boshqara olishiga qarab, miqdorini o‘zartirishingiz mumkin.

Sarflash va jamg‘arish nisbatini tushuntiring

Bolada iqtisodiy ong shakllanishi uchun tushumni qanday taqsimlanishini sodda va aniq qilib ko‘rsatish zarur: «Daromadingning 10 foizini jamg‘armaga ajrat, yana 10 foizini ehson qil, qolganini xohlaganingcha ishlat» kabi qoidalarni asta-sekin o‘rgatish mumkin.

Bu bilan nafaqat jamg‘arishni, balki saxovat va ehtiyojlar o‘rtasidagi muvozanatni ham o‘rgatgan bo‘lasiz.

O‘zingiz namuna bo‘ling

Bola so‘zingizdan ko‘ra amaliyotingizga ko‘proq e’tibor beradi. Agar siz har bir xaridni o‘ylab amalga oshirsangiz, ortiqcha sarf-xarajatlardan qochsangiz, farzandingiz sizdan shuni o‘rganadi. Pulni oqilona ishlatishni ko‘rgan bola shunga o‘xshash harakat qiladi.

Ba’zilar bolaning ko‘ngliga qarab, og‘zidan chiqqan narsani muhayyo qiladi. Vaholanki, bu bilan unga pulni boshqarishda yomon o‘rnak bo‘ladi. Kamina aynan farzandlarimga aytgan narsasini doim ham olib beravermayman. Bugun menda imkon bo‘lib olib berishim mumkin, ertaga imkonim bo‘lmay qolsa-chi yoki mendan keyin, yoxud qizim birovning uyiga borganda qiynalib qolmaydimi?! Shuning uchun bolalarimizga kichikligidan borida ham, yo‘g‘ida ham qanday yo‘l tutishni o‘rgatib borishimiz kerak.

Foto: Unsplash

Pul haqida gapirishdan qochmang

Ko‘plab ota-onalar bolasi bilan pul mavzusida suhbatlashishdan qochishadi. Oiladagi iqtisodiy muammolarni ham bildirmaslikka harakat qiladi. Aslida esa bu hayotning ajralmas qismi. Bola pulni faqat so‘rashni emas, uni rejalash, saqlash va boshqarishni ham o‘rganishi kerak. Shu bilan u moliyaviy savodxon inson sifatida kamol topadi.

Pul jamg‘arishni odat qilgan bola hayotda sabrli, maqsadiga intiluvchan, mas’uliyatli va kelajak haqida o‘ylaydigan shaxs bo‘lib ulg‘ayadi. U har bir tiyinning qadrini biladigan, nima kerak va nima kerak emasligini farqlay oladigan inson bo‘ladi.

G‘iyosiddin Yusuf,
farzand tarbiyasi bo‘yicha
bir necha kitoblar muallifi

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid