Biznes | 18:00 / 04.10.2025
2520
2 daqiqa o‘qiladi

Etihad Airways O‘zbekistonga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi

Aviakompaniya 2026 yil mart oyidan boshlab Abu-Dabidan Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Buning uchun ruxsat olingani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Reuters

Fuqaro aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya) BAAning Etihad Airways aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berdi.

Aviatashuvchi Abu-Dabi-Toshkent-Abu-Dabi yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Parvozlarda Airbus A320−232/251N va A321−231/251N/251NX samolyotlaridan foydalaniladi.

Iyul oyida Etihad Yevrosiyoning yettita shahriga havo qatnovi yo‘lga qo‘yilishini e’lon qilgandi. Kompaniya Toshkentdan tashqari Qozog‘istonning Olmaota, Gruziyaning Tbilisi, Armanistonning Yerevan, Ozarboyjonning Boku, Ruminiyaning Buxarest va Saudiya Arabistonining Madina shaharlariga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.

Etihad Airways 2026 yil 17 martdan boshlab Abu-Dabi-Toshkent reyslarini yo‘lga qo‘yishi aytilmoqda. Kompaniya shaharlar o‘rtasida haftasiga oltita reysni amalga oshiradi.

2022 yilning kuzida Etihad’ning shu’ba aviatashuvchisi — Air Arabia Abu Dhabi O‘zbekiston va BAA poytaxtlari o‘rtasida muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilishini e’lon qilgandi. O‘shanda haftasiga ikkita reys — chorshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi.

Air Arabia Abu Dhabi’ga egalik qiluvchi Air Arabia loukosteri 2020 yilda O‘zaviatsiyadan O‘zbekistonga parvozlar uchun ruxsat olgan, shundan so‘ng Abu-Dabi-Toshkent reyslarini yo‘lga qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, Vengriyaning Wizz Air arzon aviakompaniyasi 1 centyabrdan boshlab Abu-Dabidan, jumladan Toshkentga barcha parvozlarini to‘xtatishini e’lon qilgan. Kompaniya veb-saytida ushbu sanadan keyingi chiptalarni band qilish imkonsiz.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid