Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentdan Dushanbegacha. Markaziy Osiyoning yirik shaharlaridagi uy narxlari
Markaziy Osiyodagi uy narxlari eng qimmat shahar – Ashxobod. Turkmaniston poytaxtida ko‘chmas mulk narxlarining balandligi yangi qurilish loyihalariga ruxsat olishning juda ham murakkabligi va og‘ir talablar bilan izohlanadi. 2025 yilga kelib O‘zbekiston va Qozog‘iston bozoridagi narxlar barqarorlasha boshlagan bo‘lsa, Qirg‘izistonda shiddatli o‘sish kuzatilyapti. Kun.uz mintaqaning yirik shaharlaridagi kvartira narxlari va ushbu shaharlarda o‘rtacha oylik daromadga nisbatan uy xarid qilish qobiliyati qanday ekanligini tahlil qildi.
Uy-joy insonlarning eng birinchi ehtiyoji bo‘lgani uchun uning narxi bilan bog‘liq ma’lumotlar doim diqqat-markazimizda bo‘ladi. Chunki shaxsiy uy-joyga ega bo‘lish ijara narxlarining qimmatligi boisidan xarajatlarning sezilarli darajada qisqarishiga va yashash sharoitining yaxshilanishiga yordam beradi. Kun.uz Markaziy Osiyoning yirik shaharlaridagi kvartira narxlari va ushbu shaharlarda o‘rtacha oylik daromadga nisbatan uy xarid qolish qobiliyati qanday ekanligini tahlil qildi.
O‘zbekiston: Toshkent va Samarqand
2025 yilga kelib Toshkent shahrida uy-joy narxlari barqarorlasha boshladi. Xususan, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston poytaxtida 1 kv metr uchun o‘rtacha narx birlamchi bozorda 14 mln 540 ming so‘mni (1200 dollar) tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Samarqand shahrida 11 mln 170 so‘mg. Toshkent shahrida 60 kvadrat metrli uyni birlamchi bozordan xarid qilish narxi ushbu hududdagi 7 yilu 2 oylik o‘rtacha maoshga, Samarqandda esa 12 yil 7 oylik o‘rtacha maoshga teng.
Umuman olganda ayni paytda Toshkent shahrida narxlarning o‘zgarishi deyarli «muzlab» qoldi. Bu ko‘chmas mulkning investitsiyaviy foydaliligini ham sezilarli darajada kamaytiradi. Hozirdagi daromadlilik bilan «sotib olasan → tezda qayta sotasan → ko‘p pul topasan» modeli ishlamaydi. Endi bu ko‘proq «sotib olasan → uzoq kutasan → balki pul toparsan» ko‘rinishiga o‘zgargan.

Qozog‘iston: Ostona va Olmaota
Qozog‘iston uy-joy bozorida ham narxlarning o‘sishi davom etyapti. Mamlakat Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, Ostona shahrida yangi uylarning 1 kvadrat metri uchun o‘rtacha narxi 618 ming tengeni (1128 dollar), ikkilamchi bozorda esa 664 ming tengeni (1212 dollar) tashkil etdi. Olmaotada esa o‘rtacha ko‘rsatkich yangi uylar uchun 648 ming tenge (1182 dollar), ikkilamchi bozorda 692 ming tenge (1263 dollar). Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, Qozog‘iston poytaxtida o‘rtacha oylik 598 ming tengeni (1091 dollar), Olmaotada esa 563 ming tengeni (1027 dollar) tashkil etgan.
Yuqoridagi raqamlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, 60 kvadrat metrli uyni birlamchi bozordan xarid qilish narxi Ostonada 5 yilu 2 oylik, Olmaotada 5 yilu 9 oylik o‘rtacha maoshga teng.
Qirg‘iziston: Bishkek va O‘sh
Qirg‘iziston poytaxtida uy-joy narxlari yillik inflatsiya sur’ati va o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan ancha tez qimmatlayapti. Xususan, Bishkekda sentabr oyi holatiga ko‘ra birlamchi bozorda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 1404 dollarni tashkil etgan. Narxlarning shiddat bilan oshishiga ko‘p qavatli uylar qurish uchun bo‘sh yer uchastkalari yetishmasligi, aholi turmush darajasining yaxshilangani fonida talabning oshishi, qurilish materiallari narxining ko‘tarilishi kabi omillar ta’sir ko‘rsatgan. Qirg‘izistonning ikkinchi yirik shahri O‘shda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narxlar 780 dollar atrofida shakllangan.
Yuqoridagi raqamlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, 60 kvadrat metrli uyni birlamchi bozordan xarid qilish narxi Bishkekda 11 yilu 10 oylik, O‘shda 10 yilu 2 oylik o‘rtacha maoshga teng.

Tojikiston: Dushanbe
Dushanbeda ham uylarning o‘rtacha narxi joylashuviga qarab sezilalrli darajada o‘zgarib turadi. Ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanuvchi Etaji portali ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshida Tojikiston poytaxtida 1 kavdrat metr uchun narxlar 11085 somoniy yoki 1190 dollarni tashkil etgan. Dushanbeda 60 kvadrat metrli uyni birlamchi bozordan xarid qilish narxi 15 yilu 7 oylik o‘rtacha maoshga teng.
Turkmaniston: Ashxobod
Ashxobod ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha deyarli ma’lumotlar yo‘q. Siyosiy cheklovlar tufayli mustaqil narx kuzatuvlari olib borilmaydi. Ayrim manbalarda keltirilishicha, shaharda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narxlar 2900 – 3100 dollar atrofida. Narxlarning juda ham qimmatligi so‘nggi yillarda valuta kursining barqaror emasligi, yangi qurilish loyihalariga ruxsat olishning juda ham murakkabligi va og‘ir talablar bilan izohlanadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, 2025 yilga kelib O‘zbekiston va Qozog‘iston bozoridagi uy-joy narxlarining oshishi ancha barqarorlashgan. Qirg‘izistonda esa shiddatli o‘shish kuzatilyapti. Tojikistondagi narxlarning shakllanishi mehnat muhojirlaridan keladigan daromadlarning hajmiga bevosita bog‘liq. Cheklangan taklif fonida Ashxobod mintaqadagi eng qimmat ko‘chmas mulk bozoriga ega shaharga aylangan.
Doston Ahrorov tayyorladi
Mavzuga oid
12:12
Venada “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatidagi birinchi uchrashuv o‘tkazildi
21:09 / 04.12.2025
Birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti Tokioda o‘tkaziladi
16:03 / 04.12.2025
Markaziy Osiyo uchun beriladigan 12 mlrd yevroning asosiy qismi Trans-Kaspiy koridori uchun sarflanadi – YeI
22:57 / 03.12.2025