Sog‘lom hayot | 21:01 / 05.10.2025
2377
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘lom ovqatlanish miyaning qarishini sekinlashtirishi ma’lum bo‘ldi

Ayniqsa, turidan qat’i nazar, barcha rezavorlar miya uchun foydali ekani ta’kidlanmoqda.

Inson iste’mol qiladigan mahsulotlar uning miyasi salomatligiga, shu jumladan, uning qanday qarishiga bevosita ta’sir qiladi. Sog‘lom ovqatlanish miyaning qarishini sekinlashtiradi va yoshga qarab kognitiv funksiyalarning to‘mtoqlashishi xavfini kamaytiradi.

Tibbiyot fanlari doktori Kelliann Niotis ta’kidlaganidek, parhez uzoq muddatli istiqbolda kognitiv funksiyalar va hayot sifatini saqlab qolish vositasiga aylanishi mumkin, deb yozdi Eatingwell.

Nima uchun rezavorlar nevrologlar fikriga ko‘ra miya uchun eng yaxshi mahsulot hisoblanadi? Ularning ta’kidlashicha, turidan qat’i nazar, barcha rezavorlar miya uchun foydali.

Rezavorlarning yorqin qizil, ko‘k va binafsha ranglari ularning antioksidant xususiyatlarga ega bo‘lgan o‘simlik pigmentlari - flavonoidlarga boy ekanidan dalolat beradi. «Bu birikmalar yallig‘lanishni kamaytirish va uning hujayralari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni yaxshilash orqali miya salomatligini qo‘llab-quvvatlaydi», dedi Niotis.

Ayniqsa, rezavorlar tarkibida antosianlar - neyroprotektor ta’sirga ega flavonoidlar bo‘lgani uchun tavsiya etiladi.

Rezavorlar, shuningdek, kuchli antioksidant bo‘lgan C vitaminiga boy, deydi tibbiyot fanlari doktori Ella Akkerman. C vitamini miya salomatligini qo‘llab-quvvatlaydi, uni Alsgeymer kasalligi bilan bog‘liq beta-amiloid oqsillarining to‘planishiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan oksidlovchi stressdan himoya qiladi.

Taqqoslash uchun: 1 stakan qulupnayda 89 milligramm C vitamini mavjud - bu kunlik me’yorning deyarli 100 foizi. Malina va maymunjon tarkibida biroz kamroq, ammo sezilarli miqdorda - bir stakan uchun kunlik me’yorning taxminan 39 foizi va 45 foizini tashkil qiladi.

Miya faoliyatini rag‘batlantirish uchun qorag‘atga (chernika) e’tibor bering. «Men har kuni yeyishga harakat qiladigan yagona mahsulot - bu chernika», dedi tibbiyot fanlari doktori Jan-Rafael Shnayder.

Uning tarkibidagi yallig‘lanishga qarshi flavonoidlar miyaning sog‘lom qarishiga yordam berishi mumkinligini ta’kidladi. «Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bu birikmalar xotirani yaxshilashi va vaqt o‘tishi bilan kognitiv funksiyalarning pasayishini sekinlashtirishi mumkin», deb tushuntirdi u.

Qorag‘at va boshqa rezavorlar, ayniqsa, kognitiv funksiyalari pasayishi xavfi yuqori bo‘lgan odamlar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Kognitiv qobiliyati pasaygan 50 va 65 yoshli kattalar ishtirok etgan bir tadqiqotda, 12 hafta davomida har kuni chernika kukunini (taxminan yarim piyola yangi chernikaga teng) iste’mol qilganlar xotira testlarida platsebo qabul qilganlarga qaraganda yaxshiroq natija ko‘rsatdi.

Rezavorlarni iste’mol qilish metabolik sindrom va yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy xavf omillarini, shu jumladan tana vazni, qon bosimi, xolesterin, triglitseridlar va insulin darajasini yaxshilash bilan bog‘liq. Ushbu metabolik omillar miya salomatligi bilan chambarchas bog‘liq. Aslida, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, metabolik sindrom fikrlash va xotira uchun muhim bo‘lgan miya hajmi va kulrang moddaning kamayishi, shuningdek, xotira, ma’lumotlarni qayta ishlash tezligi, fikrlash va ijro etish funksiyalari bo‘yicha kognitiv testlar natijalarining yomonlashishi bilan bog‘liq.

Vaqtni orqaga qaytaradigan sehrli taom mavjud bo‘lmasa-da, mutaxassislar rezavorlarga e’tibor berishni maslahat qilmoqda. Ular oksidlovchi stress va yallig‘lanishga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan antioksidantlarga boy. Bundan tashqari, rezavor mevalarni muntazam iste’mol qilish miyani qarish va yallig‘lanishning salbiy oqibatlaridan himoya qilishi isbotlangan.

Mavzuga oid