Jahon | 13:25 / 06.10.2025
3084
2 daqiqa o‘qiladi

Andrey Babish: Ukraina YeIga a’zolikka tayyor emas

Chexiyadagi saylovlarda g‘alaba qozongan ANO partiyasi rahbari Andrey Babishning ta’kidlashicha, uning mamlakati Ukrainaga Yevropa Ittifoqi orqali yordam bermoqda, «snaryad tashabbusi» esa NATO orqali amalga oshirilishi kerak.

Andrey Babish Foto: Petr David Josek/AP Photo/dpa/picture alliance

Chexiyadagi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan muxolifatdagi «Norozi fuqarolar aksiyasi» (ANO) partiyasi rahbari multimilliarder Andrey Babish Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi chiqdi. «Siz YeIga tayyor emassiz. Biz birinchi navbatda urushni tugatishimiz kerak va keyin Ukraina bilan hamkorlik qilishimiz mumkin, lekin siz YeIga tayyor emassiz», dedi 5 oktyabr, yakshanba kuni Chexiyaning sobiq bosh vaziri Andrey Babish Ukrainaning «Suspіlne» telekanali muxbirining savoliga javoban.

Rossiya bosqinidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaga harbiy yordam haqida izoh bergan Babish, Chexiyaning Yevropa Ittifoqi orqali Ukrainaga yordam berayotganiga diqqat qaratdi. «Yevropa Ittifoqi Ukrainaga yordam bermoqda va bu Yevropa budjetida ko‘zda tutilgan va biz Yevropa budjetiga katta miqdorda pul to‘laymiz, shuning uchun biz yordam berishda davom etamiz», deb tushuntirdi ANO rahbari.

Andrey Babishning so‘zlariga ko‘ra, Chexiya tomonidan Ukraina uchun boshlangan «snaryad tashabbusi» NATO orqali amalga oshirilishi kerak. «Bu shaffof bo‘lishi kerak, agar urush bo‘lsa, hech kim undan pul ishlamasligi kerak. NATO buni tashkil qilishi kerak», — deydi u.

Babish, shuningdek, 2014 yilda Rossiya agressiyasi boshlanganidan va Qrim qo‘shib olinganidan beri Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qildi. Shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uch marta, jumladan, 2019 yilning noyabrida ham uchrashuv o‘tkazilgan, deya qo‘shimcha qildi sobiq bosh vazir.

Partiyasi saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, Babish Chexiya prezidenti Petr Pavel bilan uchrashish va «Chexiya va Yevropa qonunchiligiga muvofiq yechim taklif qilish» niyatida ekanini bildirdi.

Mavzuga oid