Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda oltin narxi yil boshidan buyon qariyb 40 foizga oshdi
Banklarda sotilayotgan oltin quymalar narxi yana bir tarixiy maksimumni qayd etib, 5 gramm uchun 7 mln 860 ming so‘mga yetdi. Narx rekordi yil boshidan beri 36 marta yangilandi. Oltin quymalar oxirgi bir yilda 40 foizga, yil boshidan beri 38 foizga qimmatlashdi.
6 oktyabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki o‘lchovli oltin quymalarning yangilangan narxini e’lon qildi. 1 gramm oltinning qiymati 1 mln 572 ming 600 so‘mga yetib, tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
Joriy narxlar:
- 5 grammli quyma — 7 mln 860 ming so‘m,
- 10 grammli quyma — 15 mln 721 ming so‘m,
- 20 grammli quyma — 31 mln 441 ming so‘m,
- 50 grammli quyma — 78 mln 603 ming so‘m,
- 100 grammli quyma — 157 mln 206 ming so‘mdan sotilmoqda.
Oltin bozori rekordni 36 marta yangiladi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon o‘lchovli oltin narxi 36 marta yangi rekord o‘rnatgan. Shu davrda oltin 38,8 foizga qimmatlashgan.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa narx 40,2 foizga oshgan.
Jahon bozorida ham o‘sish kuzatilmoqda
Dunyo bo‘yicha ham oltin kotirovkalari yuqorilamoqda. 6 oktyabr holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning troya unsiyasi ilk bor 3939 dollar (ya’ni gramm uchun 126,65 dollar) qiymatga yetdi. Bu o‘sish AQSh Federal zaxira tizimining pul-kredit siyosatini yumshatish ehtimoli va mamlakatda 1 oktyabrdan boshlangan shatdaun (hukumat faoliyatining vaqtincha to‘xtashi) bilan izohlanmoqda.
Goldman Sachs tahlilchilarining fikricha, agar FED mustaqilligiga bosim kuchaysa, oltin narxi bir troya unsiyasi uchun 5 ming dollargacha yetishi mumkin. Shuningdek, hatto AQSh g‘aznachilik obligatsiyalaridan oltinga o‘tkaziladigan aktivlarning kichik ulushi ham global narxlarning keskin oshishiga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 1 sentabr holatiga O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari birinchi marta 50 mlrd dollardan oshdi. Bunda oltin zaxiralari hajmi 40,06 milliard dollarga yetib, qiymat jihatidan ham rekord natijani qayd etgan. Jahon oltin kengashi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston avgust oyida 2 tonna oltin xarid qilgan.
Mavzuga oid
09:20
Chegaradan noqonuniy olib o‘tilgan 1,1 mlrd so‘mlik oltin qo‘lga olindi
19:19 / 04.12.2025
O‘zbekiston oktyabrda oltinning eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi
18:08 / 03.12.2025
Britaniyaning Revolut banki O‘zbekistonda chiqarilgan kartalarni blokladi
07:28 / 02.12.2025