O‘zbekiston | 13:32 / 06.10.2025
7934
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Ismoil Jo‘rabekov xonadoniga tashrif buyurdi

Davlat rahbari marhum Ismoil Jo‘rabekov oilasiga hamdardlik bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Atoqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov joriy yil 28 sentabr kuni vafot etgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ta’ziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.

Davlat rahbari marhumning ezgu ishlarini, vatanga xizmatlarini yodga oldi.

Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. Mehnat faoliyati davomida suv xo‘jaligi sohasida mas’ul lavozimlarda mehnat qilib, respublikamizda irrigatsiya va melioratsiya sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi. 1985 yilda O‘zbekiston Vazirlar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Mustaqillik yillarida I.Jo‘rabekov O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Davlat suv nazorati boshlig‘i, O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib bordi.

So‘nggi yillarda I.Jo‘rabekov mo‘tabar yoshda bo‘lishiga qaramasdan, suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi.

Davlat va jamoat arbobining xalq va vatan oldidagi xizmatlari munosib baholanib, u “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni hamda davlatning bir qator yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan edi.

Davlat rahbari marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi. Ular prezidentga tashrifi va dalda so‘zlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid