Texnologiya | 21:00 / 08.10.2025
2559
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda o‘quv dasturini sun’iy intellekt shakllantiradigan maktab paydo bo‘ldi

Bunda darslar o‘qituvchilar tomonidan emas, balki sun’iy intellekt tomonidan boshqariladi.

Foto: Getty images

Texasning Ostin shahrida yangi Alpha xususiy maktabi ochildi, u sun’iy intellektdan foydalanishga asoslangan «noyob ta’lim dasturini» joriy etdi. CBS News xabariga ko‘ra, o‘qish narxi yiliga 40 ming dollarni tashkil qiladi.

O‘quvchilar matematika va tabiiy fanlarni o‘rganishga kuniga ikki soatgacha vaqt ajratadi. Maxsus sun’iy intellekt tizimi ularning muvaffaqiyatini kuzatib boradi, «murabbiylar» esa doimiy qo‘llab-quvvatlaydi va motivatsiyani rag‘batlantiradi. Lekin ular o‘qituvchilar emas, IT-mutaxassislar.

Asosiy kursni tugatgandan so‘ng, o‘quvchilar 4 soatlik seminarlarda qatnashishi mumkin, u yerda biznes yuritish, Airbnb kabi platformalar orqali ko‘chmas mulkni boshqarish va investitsiya vositalaridan foydalanish kabi amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtiradi.

Ayni paytda maktab 16 ta kampusga ega. 2025 yil sentabr oyida unga AQSh ta’lim vaziri Linda Makmaxon tashrif buyurdi. Maktab rahbariyatining ta’kidlashicha, ularning o‘quvchilari standartlashtirilgan test natijalari bo‘yicha har doim eng yaxshi 1 foizga kiradi.

Shunga qaramay, ba’zi pedagoglar ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish samaradorligiga shubha bildirmoqda, chunki bunga «ilmiy dalillar yo‘q». Ular, shuningdek, texnologiyalarga haddan tashqari qaramlikdan xavotirda. Ammo, ta’kidlanishicha, dastur o‘quvchilarga yoqyapti.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid