Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polsha Merkelning Ukrainadagi urush haqidagi so‘zlarini tanqid qildi
Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy va sobiq bosh vazir Mateush Moravetskiy Angela Merkelning Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi arafasida Varshavaning Moskva bilan muzokaralardagi o‘rni haqidagi so‘zlaridan noroziligini bildirdi.
Polsha siyosatchilari Angela Merkelning Ukrainadagi urush arafasida Varshava harakatlari haqidagi bahsli so‘zlariga izoh berdi. Ular bu haqda 6 oktyabr, dushanba kuni aytib o‘tdi.
Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy matbuot anjumanida Merkelning so‘zlariga ishonmaslik kerakligini aytdi: «Men bu so‘zlarni kanslerning Markaziy Yevropada «Shimoliy oqim»ga hech kim norozilik bildirmagani haqidagi bayonoti bilan bir xil talqin qilaman. Eslatib o‘taman, o‘shanda men orqamizdan tuzilgan kelishuvlarni yoqtirmasligimizni aytgandim. Kansler o‘shanda ham unga qanday qaraganini esdan chiqargan bo‘lsa kerak».
Polshaning sobiq bosh vaziri Mateush Moravetskiy ham keskin tanqid bilan chiqdi. U 2017 yildan 2023 yilgacha Polsha vazirlar mahkamasiga rahbarlik qilgan, ya’ni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan oldingi yillarda Merkelning hamkasbi bo‘lgan. Polsha siyosatchisining fikricha, u Yevropaning urushga hissa qo‘shgan Rossiyaga qaramligi uchun javobgardir. «Merkel Putinni tanladi», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
«Demak, Yevropani Kremlga qaram qilib qo‘ygan kansler aybdor emas, balki Putin tahdididan ogohlantirgan Polsha aybdor ekanmi? Bu g‘ayrioddiy — qurbon va aybdorni almashtirish», — deb hisoblaydi Moravetskiy. «Merkel Rossiya bilan murosa yo‘lini tanladi, ammo urush baribir yuz berdi. Endi esa u Polshani ayblamoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.
«Biz natijalarni Bucha, Mariupol, Lviv va Kiyevda ko‘rdik — yaqinda sharqiy Polsha osmonida, Daniya aeroportlarida va butun Skandinaviyada», — deb yozadi Moravetskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Merkel siyosati Yevropadagi urush, energiya inqirozi va iqtisodiy yo‘qotishlarning sabablaridan biri bo‘lgan.
Vengriyaning Partizán nashriga bergan intervyusida Angela Merkel 2021 yil iyun oyida «Putin Minsk kelishuvlarini endi jiddiy qabul qilmayotganini his qilganini» aytdi. O‘shanda kansler, uning so‘zlariga ko‘ra, Kreml bilan muzokaralar uchun «yangi format»ni xohlagan, ammo bu reja, go‘yoki Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarining qarshiliklari tufayli barbod bo‘lgan.
Merkel Rossiya bilan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragani va Ukrainada urush boshlanishiga yordam berganlikda bevosita hech bir tomonni ayblamadi. Shunga qaramay, ko‘plab ommaviy axborot vositalari uning so‘zlarini shunday talqin qildi.
Mavzuga oid
20:37 / 16.05.2026
Levandovski «Barselona»ni tark etishini e’lon qildi
09:54 / 28.03.2026
Polsha minglab o‘zbekistonliklarni ishga olmoqchi
11:53 / 25.03.2026
Polshada O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi
18:09 / 23.03.2026