Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya AQSh bilan plutoniy kelishuvini bekor qildi
Rossiya davlat dumasi AQSh bilan plutoniy utilizatsiyasi bo‘yicha tuzilgan kelishuvni bekor qilish qarorini qabul qildi. Ushbu bitimga ko‘ra, har ikki davlat o‘zida mavjud bo‘lgan 34 tonnadan “qurol darajasidagi” plutoniyni zararsizlantirishi kerak edi. Moskvaning bu qadamlari g‘arb tomonidan Ukrainaga “Tomahawk” raketalari berilish ehtimoli fonida yuz bermoqda.
Ayni mavzu – Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturi muhokamasida.
Rossiya nega AQSh bilan plutoniy radioaktiv moddasini utilizatsiya qilish kelishuvidan chiqyapti va buning oqibatlari nima bo‘lishi mumkin?
Shuhrat Rasul: Gap AQSh va Rossiyada har biri 34 tonnadan “qurol plutoniysi” to‘planib qolganiga borib taqaladi. Bu moddalar 1987 yildagi “O‘rta masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish”, 1990 yildagi SNV-1 va 1993 yildagi SNV-2 kelishuvlari natijasida raketalardan yechib olingan yadro kallaklaridan to‘plangan moddalar haqida ketyapti. 2000 yilda tomonlar bu plutoniyni qurol holatidan chiqarib, atom elektr stansiyalarida yoqilg‘i sifatida ishlatish bo‘yicha memorandum imzolagan. 2010 yilda esa “Rosatom” rahbari Sergey Kiriyenko va AQSh davlat kotibi Hillari Klinton bu kelishuvning texnik tafsilotlarini tasdiqlagan. Ammo 2016 yilda Rossiya bitimni to‘xtatdi. Sababi AQSh plutoniyni yoqilg‘iga aylantiruvchi zavodni qurmasdan, “Dilute and Dispose” (neytrallash va yo‘q qilish) usuliga o‘tgan, ya’ni plutoniyni konteynerlarda saqlashni tanlagan. Rossiya bunga ishonmayapti: Moskva fikricha, bu usul plutoniyni qisqa vaqt ichida yana qurol darajasiga qayta tiklash imkonini beradi. AQSh esa o‘z texnologiyasi bunday xavf tug‘dirmasligini, plutoniyni endi qayta ishlatib bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Shunday qilib, asosiy kelishmovchilik plutoniyni yo‘q qilishning texnik ishonchsizligi ustida bo‘lyapti. Rossiya buni xavf deb bilsa, AQSh texnologik yyechimni yetarli deb hisoblaydi.
Jahongir Akramov: Hozirgi vaziyat diplomatik eskalatsiya darajasini ko‘rsatadi. So‘nggi paytlarda AQSh prezidenti va rasmiylari orqali “Tomahawk” 2,500 km radiusga aniq nishonga yetib bora oladigan raketalarni yetkazib berish ehtimoli haqida ko‘plab ishoralar aytilyapti. Hattoki Donald Trampning o‘zi ham bunga rozi ekanligini bildirgan. Bu jarayon NATO doirasida, xususan Britaniya va Fransiya orqali ham muhokama qilinmoqda. Shu nuqtayi nazardan Rossiya bunday harakatlarga qarshi o‘z javobini kuchaytirishi tabiiy: konfliktologiyadagi normal reaksiyalardan biri sifatida ikkinchi tomonning javob choralarini ko‘rishi kutiladi. Bundan tashqari, plutoniy yadro quroli darajasidagi moddalar atrofidagi bahslar oddiy fuqarolarni ham asabiylashtirmoqda. Bu mavzu Amerika jamiyatida ham keng muhokama qilinmoqda. Shu tariqa mavzu jahon darajasida ham tashvish uyg‘otadi va Rossiya uchun diplomatik kapitallarni ishga solish imkoniyatini yaratadi, ya’ni “yadro kapitali”ni eslatib, muzokaralarda bosim o‘tkazish usuliga murojaat qilinadi. Bu uzoq yillardan beri ishlatiladigan eski taktika. Ammo Rossiyaning shartnomadan chiqishi taktika jihatdan jamoatchilik e’tiborini tortish va qisqa muddatli yutuq bo‘lib ko‘rinishi mumkin, strategik nuqtayi nazardan esa bu qaror o‘zini mag‘lubiyatga olib kelishi ehtimoli yuqori. Avvalo, strategik qurollarni cheklash shartnomalari tomonlarning o‘zaro qurol zaxiralarini bilishi va nazorat qilishiga xizmat qilgan. Agar bu mexanizmlar zaiflashsa, nazorat o‘rnatish imkoniyatlari kamayadi. Natijada bu holat yangi qurollanish poygasini rag‘batlantirishi mumkin, ishonch pasaygach, davlatlar yangi qurollarga sarmoya kiritishga, qayta qurollanishga qiziqish va kapital ajratishni boshlaydi. Shu bilan birga, shartnomalarning zaiflashuvi va nazorat mexanizmlarining yomonlashuvi global xavfsizlik uchun jiddiy xavf hisoblanadi.
Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.