14 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy yetakchisi Si Jinping Pekinda muzokaralarni boshladi. Bu AQSh prezidentining qariyb to‘qqiz yil ichida Xitoyga amalga oshirgan ilk tashrifining boshlanishi bo‘ldi. New York Times'ning yozishicha, bu sammit – ikki davlat o‘rtasidagi tarang munosabatlar yaxshilanish-yaxshilanmasligini va bunga erishish uchun nimalar talab qilinishini belgilab berishga yordam beradi.

Kutib olish marosimi

Si Trampni Pekin markazidagi Xalq yig‘inlari saroyi tashqarisida kutib oldi. Ular qo‘l berib ko‘rishdi, faxriy qorovul hamda qo‘llarida gullar va bayroqlar bo‘lgan hayqiriqlar bilan kutib olayotgan bolalar yonidan birga yurib o‘tdilar.

Saroy zinapoyalarida Tramp ma’muriyatining bir qancha mulozimlari — AQSh davlat kotibi Marko Rubio, moliya vaziri Skott Bessent, mudofaa vaziri Pit Hegset, Oq uy apparati rahbari o‘rinbosari Stiven Miller va boshqalar bor edi.

Ular orasida prezidentning o‘rtancha o‘g‘li Erik Tramp hamda Apple kompaniyasidan Tim Kuk, Nvidia'dan Jyensen Xuang va Tesla hamda SpaceX'dan Ilon Mask kabi biznes yetakchilari, shuningdek, Amerikaning boshqa yirik kompaniyalari rahbarlari ham bor edi.

Ikki tomonlama uchrashuv

Xalq yig‘inlari saroyi ichkarisida Tramp va Si ikki soatdan ko‘proq vaqt muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat ikki tomonlama munosabatlarning ahamiyati haqidagi mulohazalar bilan boshlandi. Tramp ularning shaxsiy munosabatlariga ham urg‘u berdi.

«Siz buyuk lidersiz, ba’zan bu gapim odamlarga yoqmaydi, lekin men buni baribir aytaman. Ba’zilar buni tarixdagi eng yirik sammit bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda. Xitoy hamda AQSh o‘rtasidagi munosabatlar har qachongidan ham yaxshi bo‘ladi», dedi Tramp.