Jahon | 10:16 / 09.10.2025
2460
3 daqiqa o‘qiladi

Makron 48 soat ichida yangi bosh vazirni tayinlash niyatida

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bosh vazir Sebasten Lekornyu iste’foga chiqqanidan keyin iste’foga chiqmaydi va parlamentni tarqatmaydi. Hukumatning yangi rahbari 48 soat ichida e’lon qilinadi.

Foto: AP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «48 soat ichida» iste’foga chiqqan Sebasten Lekornyu o‘rniga yangi bosh vazir tayinlash niyatida. Bu haqda 8 oktyabr, chorshanba kuni kechqurun Fransiya prezidenti devoniga tayanib, AP axborot agentligi xabar berdi.

Lekornyuning o‘rnini kim egallashi mumkinligi haqida hech qanday ma’lumot berilmagan. Oldin Fransiya Mudofaa vazirligi rahbari lavozimida ishlagan, iste’foga chiqqan bosh vazir o‘z lavozimida bor-yo‘g‘i 27 kun o‘tkazdi. 5 oktyabr kuni u asosan Makron hukumatlarida ishlagan siyosatchilardan iborat yangi vazirlar mahkamasini taqdim etdi. Bunga javoban "Respublikachilar" partiyasidagi konservatorlar hukumatdan chiqish bilan tahdid qildi, muxolifat – o‘ng va so‘l qanot – prezident iste’fosini talab etdi. Shu fonda Lekornyu Makrondan uni lavozimidan ozod qilishni so‘radi.

Fransiyada yangi hukumat rahbarining zudlik bilan tayinlanishi, hozircha, mamlakatda navbatdan tashqari parlament saylovlarining oldini oladi. Bundan tashqari, Fransiya Milliy majlisi hali 2026 yil uchun budjet bo‘yicha kelishib olgani yo‘q va uning bunday sharoitda tarqatib yuborilishi Yevropa Ittifoqining ikkinchi yirik iqtisodiyotini yanada katta noaniqlikka olib kelishi mumkin, deya ta’kidlaydi AP.

Makron Lekornyuning iste’fosini qabul qildi, biroq undan parlamentni tarqatib yubormaslik uchun palatada yetarlicha qo‘llab-quvvatlovga egaligini baholash maqsadida Milliy majlisdagi partiyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishni so‘radi, deb xabar beradi AP. Lekornyuning xulosasiga ko‘ra, vaziyat murakkab, ammo quyi palatadagi «mutlaq ko‘pchilik» ikkinchi tarqatib yuborish ssenariysini rad etadi.

Milliy majlisning yana tarqatib yuborilishiga muqobil variant esa Makronning iste’fosi bo‘lishi mumkin, ammo Lekornyu buni rad etdi. «U (Makron) Fransiyaning xorijdagi yuzi», — deya rasmiyning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan. «Institut barqarorligi saqlanishi kerak».

Lekornyu so‘nggi ikki yil ichida Makron tomonidan tayinlangan beshinchi bosh vazir bo‘ldi.

Mavzuga oid