O‘zbekiston | 11:37 / 09.10.2025
5255
2 daqiqa o‘qiladi

Tabiatga uyushtirilgan hujum 839 million so‘mga tushdi

Samarqand viloyatida tabiat resurslariga qarshi noqonuniy hujumlar to‘xtamayapti. Past Darg‘om, Oqdaryo va Toyloq tumanlarida fuqarolar ruxsatsiz qum-shag‘al qazib olishi natijasida tabiatga bir necha yuz millionlik zarar yetkazilgani fosh etildi.

Viloyat prokuraturasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida Past Darg‘om va Oqdaryo tumanlarida tabiat resurslarini noqonuniy qazib olish holatlari aniqlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, uchta holatda fuqarolar tomonidan qum-shag‘al aralashmalarini ruxsatsiz qazib olish natijasida tabiiy obektlarga 839 million 744 ming so‘m zarar yetkazilgan. Holat bo‘yicha barcha hujjatlar viloyat prokuraturasiga yuborilgan va noqonuniy ishlatilgan texnik vositalar jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Ekologik qonunbuzarlik faqat bu bilan cheklanmagan. Toyloq tumanida o‘tkazilgan reyd tadbirlari chog‘ida Nayman mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanalidan ikki nafar fuqaro – Samarqand tumani Badal mahallasida yashovchi A.E. va Qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi S.A. qora qum aralashmasini noqonuniy ravishda yuk mashinasiga ortayotgani aniqlangan.

Inspektorlar tomonidan ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70¹-moddasi 1-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, har biriga 8 million 240 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llangan. Yuk mashinasi esa vaqtincha jarima maydonchasiga olib ketilgan.

Mavzuga oid