Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Takror qaynagani – zarar: “o‘lik” suvni nega ichmaslik kerak?
Suv organizmning tabiiy regulyatori, tozalovchisi va energiya tashuvchisidir. Uning takror qaynatilgani tashqi tomondan tiniq ko‘rinishi mumkin, ammo bu tarkibning tozaligini anglatmaydi. Mazkur holatdagi suv, odatda, kimyoviy og‘ir, biologik passiv, energetik jihatdan “o‘lik” hisoblanadi. Ushbu maqolada sog‘lom suv qanday bo‘lishi, takror qaynatilganining xossalari va xavfli jihatlari haqida so‘z boradi.
Foto: Getty images
“O‘lik suv” nima?
Olimlar “o‘lik suv” atamasini metaforik ma’noda ishlatadi. Qayta-qayta qaynagan suvda kislorod va karbonat gazlari kamayadi, suv molekulalarining energetik tuzilmasi buziladi. Natijada u chanqoqni to‘liq bosmaydi, hujayralarga kislorod yetkazishni sekinlashtiradi, organizmda oksidlovchi stressni kuchaytiradi. Bunday suv ichilganda tanada biroz og‘irlik, holsizlik, “bo‘g‘iq” ta’m sezilishi bejiz emas, mazkur holat uning “tirik energiyasi” yo‘qolganidan dalolat beradi va shuning uchun u "o‘lik suv" deb ataladi.
Og‘ir metallarning yashirin ta’siri
Suvni bir marta qaynatish — mikroblar va zararli bakteriyalarni yo‘qotish uchun yetarli. Ammo uni qayta-qayta isitish natijasida tarkibidagi mineral moddalarning tabiiy muvozanati buziladi. Aksariyat vodoprovod yoki quduq suvlari sanoat chiqindilari, metall quvurlar orqali oqib keladi. Ularga oz miqdorda bo‘lsa ham qo‘rg‘oshin, mis, mishyak aralashadi. Qayta qaynatish bu moddalarning parchalanishiga emas, to‘planishiga sabab bo‘ladi.
Isitish jarayonida ichimlik suvining bir qismi bug‘lanadi, ammo undagi nitratlar, ftor, xlor, og‘ir metall ionlari (qo‘rg‘oshin, mis, mishyak) saqlanib qoladi. Takror qaynatilganda mazkur moddalar konsentratsiyalanadi, ya’ni miqdori ortib boradi. Ayniqsa, nitratlar yuqori haroratda nitrit yoki nitrozamin moddalarga aylanadi, bu esa kanserogen, ya’ni saraton keltirib chiqaruvchi birikma. Sog‘lom hayot tarzini tanlagan inson uchun bu jiddiy xavfdir.
Ohakli cho‘kma – ikki barobar xavf
Suv tarkibida kalsiy va magniy ko‘p bo‘lsa, u “qattiq suv” deb ataladi. Bunday suvni qaynatganda undagi tuzlar parchalanadi va ohakli cho‘kma hosil bo‘ladi. Biz choynak yoki qozon devorida ko‘radigan oq qoplama aynan shu cho‘kmadir.
Mazkur cho‘kmaning bir qismi choynak devoriga yopishadi, lekin ma’lum miqdori suvning o‘zida qoladi. Ana shu qolgan moddalar ichimlik bilan birga tanaga kiradi. Bunday suvni tez-tez ichish vaqt o‘tib, buyraklarda kalsiy to‘planishi va tosh hosil bo‘lish xavfiga olib keladi. Bundan tashqari, siydik yo‘llarida og‘riq yoki boshqa noxush holatlar paydo bo‘lishi ham mumkin. Buyrak yoki siydik yo‘li bilan bog‘liq muammosi bor insonlar qattiq suvni ichishdan saqlanishi kerak. Oddiyroq aytganda, choynakda ohak tez paydo bo‘layotgan bo‘lsa, bu suv qattiqligini bildiradi; uni filtrdan o‘tkazish yoki yumshoqroq suv ichish foydaliroq.
Qattiq suv faqat sog‘liqqa emas, balki maishiy texnikalarga ham zarar yetkazadi. Choynak, dazmol yoki suv ilitish idishida hosil bo‘ladigan ohak issiqlik o‘tishini qiyinlashtiradi, energiya sarfini oshiradi va qurilmalarning ishlash muddatini qisqartiradi. Shu sababli suvni qaynatishda ham me’yorni bilish kerak. Bir marta qaynatilgan toza suv ichish uchun xavfsiz, ammo takror qaynatilgan qattiq suv organizm va maishiy jihozlar uchun zararli bo‘lishi mumkin.
Qaynatilgan suvni 24 soat ichida ichish kerak, undan ortiq vaqt saqlangan suvda:
- kislorod kamayadi,
- mikroelementlar parchalanadi,
- hatto bakteriyalar yana ko‘payishi mumkin.
Bugungi kunda sifatli suv ichishning bir necha xavfsiz usullari mavjud:
- filtrli tizimlardan foydalanish;
- shishadagi tabiiy suvlarni iste’mol qilish;
- qaynatilgan, ammo yangi sovigan suvni ichish;
- suvni ochiq idishda emas, balki yopiq shishada saqlash.
Eng muhimi, suvni “tozalash” bilan “o‘ldirish”ni adashtirmaslik kerak.
Mavzuga oid
17:09 / 04.12.2025
Yo‘talni dorilarsiz ketkazish mumkinmi?
01:36 / 01.12.2025
Yurak uchun eng foydali mahsulotlar aytildi
18:41 / 27.11.2025
Diabetga chalingan odamlarning 40 foizgacha qismida buyrak kasalligi rivojlanadi – Mayo clinic
23:31 / 26.11.2025