Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiy davlatlar sammiti: tashkilot qay tomon ketmoqda?
Insoniyat tarixida yangi davr boshlandi – bu global bog‘liqliklar davri. Bundan keyin xavfsizlikni ta’minlash, rivojlanish va raqobatdosh bo‘lish uchun katta hamjamiyatlar shakllantira olish, kuchlarni birlashtirish va qudrat yarata olish – hal qiluvchi omil bo‘ladi.
7 oktyabr kuni Ozarboyjonning Gabala shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotining 12-sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda, tashkilotga a’zo O‘zbekiston, Ozarboyjon, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston prezidentlari hamda kuzatuvchi davlatlar hisoblanmish Turkmaniston Xalq Maslahati raisi, sobiq prezident Berdimuhammedov hamda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etdi.
Sammitning nomi “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” deb nomlandi. Bunday nomlanish mintaqadagi beqarorlik va geosiyosiy zo‘riqishlarga ishora edi. TDT raisligi Qirzig‘istondan Ozarboyjonga o‘tdi. Kelasi sammit Turkiyada bo‘lib o‘tishi, norasmiy sammit esa Qozog‘istonda rejalangani bildirildi.
Shu o‘rinda har qanday oddiy o‘zbekistonlikda “nega bu kabi tashkilot kerak?” degan oddiy savol tug‘ilishi tabiiy.
Insoniyat tarixida yangi davr boshlandi – bu global bog‘liqliklar davri. Bundan keyin xavfsizlikni ta’minlash, rivojlanish va raqobatdosh bo‘lish uchun katta hamjamiyatlar shakllantira olish, kuchlarni birlashtirish va qudrat yarata olish – hal qiluvchi parametr hisoblanadi. Birlashuv uchun eng kuchli va tabiiy platforma esa bu o‘zliklar hisoblanadi. O‘zliklar – mushtarak til, tarixiy bog‘liqlik, diniy birlik yoki yaqinlik kabilar orqali shakllanadi.
Misol uchun, zamonaviy dunyoda tili, dini, tarixiy yaqinligi asosida shakllangan bir qancha hamjamiyatlarni keltirish mumkin. Anglasaksonlar: AQSh, Birlashgan Qirollik, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya – bularning bari ingliz tilida gaplashadi, protestant mazhabiga e’tiqod qiladi. Garchi anglasaksonlar o‘rtasida bitta kuchli xalqaro tashkilot tuzilmagan bo‘lsa-da, bu davlatlarning ikki taraflama va ko‘p taraflama hamkorligi juda yuqori darajada. Bular – juda kuchli va tabiiy ittifoqchilar.
Yoki, ispan tilli davlatlar. Janubiy va Markaziy Amerikada bir qancha ispan tilli davlatlar mavjud bo‘lib, bu davlatlarning tarixiy markazi – Ispaniya. Bu davlatlar o‘zaro mushtaraklik va hamkorlikni mustahkamlash uchun “Ispanidad” tashkilotini ham tuzishgan. Fransuz tilida gaplashuvchi jamiyatlar esa “Frankofoniya”ga birlashgan. Portugal tilida gaplashadigan davlatlar o‘rtasida ham norasmiy juda kuchli hamkorlik va ittifoqchilik loyihalari juda kuchli.
Xo‘sh, anglasaksonlar, ispan yoki portugal tilli davlatlar alohida xalqaro tashkilot tuzmasdan, o‘zaro hamkorlikni yuqori darajada amalga oshirib kelyapti ekan, nega turkiy davlatlar o‘zaro hamkorlik uchun tashkilot tuzishdi? Bu nima uchun kerak edi? Buning sabablari bir qancha.
Birinchidan, tashkilot – hamkorlikni rasmiylashtirishning eng yuqori va barqaror ko‘rinishi. Davlatlarda hokimiyatlar o‘zgarib turadi, hokimiyat o‘zgarishi bilan siyosiy kayfiyatlar ham o‘zgarishi mumkin. Davlatlar tashkilot tuzib, o‘zlari uchun ma’lum majburiyatlar olar ekan – o‘zaro hamkorlikni kayfiyatga emas, mexanizmga aylantiradi.
Ikkinchidan, tashkilot – tashqi dunyoga ham kerakli mujdalarni, signallarni beradi. Bir qancha davlatlar xalqaro maqomdagi tashkilot tuzar ekan, bu birlashuv atrofdagi boshqa, ehtimoliy tajovuzkor davlatlarga ham mujda berib, birlik va jipslik haqida eslatib turadi.
Uchinchidan, dunyo turkiylari – sayyoramizning eng katta qit’asi hisoblanmish Yevrosiyoning juda keng sarhadlariga sochilgan xalqlar, millatlar va davlatlar hisoblanishadi. Geografik uzoqlikni inobatga olgan holda, o‘zaro hamkorlikni tashkilot ko‘rinishida rasmiylashtirish – geografik uzoqliklarni bartaraf qilishda muhim eslatma hisoblanadi.
To‘rtinchidan, 20-asr dunyo turkiylari uchun fojialar asri bo‘ldi. Turkiyadan tashqari barcha turkiy xalqlar, millatlar va davlatlar o‘zlarining mustaqilligini qo‘ldan boy berishdi. Haliga qadar qitada turkiy birlikka ma’lum potensial tahdidlar saqlanib qolmoqda. Tashkilot doirasida haqiqiy birdamlik, birlik va integratsiyani kuchaytirib borish – yangi davrdagi yashovchanlik sharti hisoblanadi. Hozirgi globallashgan davrda davlatlarning diplomatiyasi, geosiyosiy hamjihatligi va jipsligi – global tendensiyalarni belgilovchi muhim omil hisoblanadi.
Ozarboyjonning Gabala sammitida muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, “Turkiy davlatlar tashkiloti +” formati tashkil qilindi: boshqa davlatlarning tashkilotga kirmasdan hamkorlik qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, 2026 yilda Ozarboyjonda turkiy davlatlarning harbiy o‘quv mashqlarini tashkil qilishga kelishib olindi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu sammitda yettita yo‘nalish bo‘yicha muhim takliflarni kiritdi. Aytish kerakki, O‘zbekiston ishtirok etayotgan va keyingi yillarda eng samarali faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot ham aynan Turkiy Davlatlar Tashkiloti bo‘ladi. Bu tashkilot yangi reallik yaratmoqda. Yangi, beqaror, ishonchsizlikka to‘yingan va raqobatlarga to‘lib toshgan dunyoda TDT turkiy davlatlarni yangi xalqaro sub’yekt sifatida ko‘rsatib boshladi.
20-asr dunyo turkiylari uchun fojialar asri bo‘lgan bo‘lsa, 21-asr – dunyo turkiylari uchun ulkan imkoniyatlar va loyihalar asri bo‘lishi lozim.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
19:34 / 19.11.2025
Markaziy Osiyo taqdirida yangi davr boshlandimi? Ozarboyjonning qo‘shilishi nimadan darak?
21:05 / 28.10.2025
“Iqtisodiy jihatdan juda muhim kelishuv” - tahlilchilar YeI bilan yangi bitim haqida
12:34 / 25.10.2025
Yevropa Ittifoqi bilan yangi bitim: u nima haqda va qachon kuchga kiradi?
21:34 / 07.10.2025