Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pokiston toliblari yetakchisi Kobulda o‘ldirildi
«Tahriki Toliboni Pokiston» (TTP) guruhi yetakchisi Nur Vali Mahsud aviazarba oqibatida halok bo‘ldi. Norasmiy manbalar bunda Pokistonni ayblamoqda. Afg‘oniston havo hujumini tajovuzkorlik harakati va mamlakat hududiy yaxlitligini qo‘pol ravishda buzish deb atadi.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
9 oktyabr kuni kechqurun Kobulda sodir bo‘lgan portlash oqibatida «Tahriki Toliboni Pokiston» (TTP) guruhi yetakchisi Nur Vali Mahsud halok bo‘ldi. Bu haqda Afg‘oniston ommaviy axborot vositalariga tayanib Asia-Plus xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 9 oktyabrga o‘tar kechasi Kobulning markaziy hududlari - Abdulhaq chorrahasi yaqinida, shuningdek, Kart-e-Nou, Shahr-e-Nou, Taymani va Xayrxon tumanlarida kuchli portlashlar sodir bo‘lgan.
Mahalliy aholining jurnalistlarga ma’lum qilishicha, aviazarba oqibatida Land Cruiser rusumli avtomobil portlagan. Hodisada TTP yetakchisi, 47 yoshli Nur Vali Mahsud halok bo‘lgan. U guruhning eng nufuzli a’zolaridan biri edi. U 2018 yilda mulla Fazlullohning o‘limidan so‘ng harakatga rahbarlik qilgan va Pokiston tomonidan qidiruvga berilgan. Manbalarga ko‘ra, Mahsud va uning tarmog‘i jangarilarni moliyalashtirish uchun talonchilik va odam o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan.
«Tolibon» harakati vakili Zabihullo Mujohid portlash sodir bo‘lganini tasdiqladi va hodisa bo‘yicha tergov davom etayotganini aytdi.
Biroq harakat ichidagi manbalarning Afghanistan International agentligiga ma’lum qilishicha, portlash Pokiston tomonidan uyushtirilgan aviazarba oqibatida sodir bo‘lgan. Hodisa Islomobodning toliblarni Afg‘oniston hududida TTP jangarilarini yashirganlikda ayblashi fonida sodir bo‘ldi.
Hujumdan so‘ng Pokiston mudofaa vaziri Xo‘ja Asif ijtimoiy tarmoqda bu haqda xabar e’lon qilib, Kobuldagi havo hujumlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishora qildi. U Afg‘oniston toliblari Pokiston toliblarini yashirgani uchun javob berishini aytdi va mamlakatning terrorchilar va ularning homiylariga nisbatan sabr-toqati tugaganini ta’kidladi. Afg‘oniston va fors tilidagi ommaviy axborot vositalari bu bayonotlarni Pokistonning hujumga aloqadorligini norasmiy tan olish deb baholamoqda.
Afg‘onistonning BMTdagi vakili Nosirahmad Foiq havo hujumini tajovuzkorlik harakati va Afg‘onistonning hududiy yaxlitligini qo‘pol ravishda buzish deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, bunday «noqonuniy xatti-harakatlarga qanday bahona bilan sodir etilmasin, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi hamda mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka putur yetkazadi».
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hodisadan so‘ng Kobuldagi toliblar qo‘mondonlari shay holatga keltirilgan.
Qayd etilishicha, bu Pokistonning Afg‘oniston hududidagi «birinchi amaliyoti» emas.
Sentyabr oyi oxirida Mozori Sharif shahrida «Islom davlati - Xuroson» bo‘limi qo‘mondoni, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston fuqarosi bo‘lgan Muhammad Ehsoniy yo‘q qilindi. Pokiston manbalarining xabar berishicha, u maxsus xizmatlarning operatsiyasi natijasida o‘ldirildi.
Mavzuga oid
20:41 / 06.12.2025
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida aviaqatnovlar ko‘paytiriladi
21:23 / 04.12.2025
«Tolibon» 13 yoshli bolani omma oldida qatlni ijro etishga majburladi
20:27 / 02.12.2025
Tojikiston afg‘on chegarasini qo‘riqlash uchun Rossiyadan harbiy yordam so‘radi
19:03 / 02.12.2025