Jahon | 21:27 / 11.10.2025
6191
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Trampni Nobel mukofotiga loyiq deb hisobladi

Rossiya prezidenti Nobel qo‘mitasi «ishonchni yo‘qotganini» aytdi.

Foto: Sergey Bobylev/Sputnik/EPA

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Tramp dunyo tinchligi uchun «ko‘p ish qilayotganini» aytdi va Nobel qo‘mitasini Amerika yetakchisiga bosh mukofotni topshirmagani uchun tanqid ostiga oldi.

Norvegiyadagi Nobel qo‘mitasi 10 oktyabr kuni Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoga o‘zining mashhur tinchlik mukofotini topshirgan edi.

Politico nashriga ko‘ra, bu Putinning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi, u amerikalik hamkasbining yonini oldi va Tojikistonga tashrifi chog‘ida jurnalistlarga «qo‘mita obro‘si sezilarli darajada tushganini» aytdi.

«Nobel qo‘mitasi mukofotni tinchlik uchun hech narsa qilmagan odamlarga bergan holatlar bo‘lgan», dedi Putin ismlarini aytmasdan. «Bu mukofotning obro‘siga putur yetkazadi».

Tramp mukofotga loyiqmi, degan savolga aniq javob bermagan bo‘lsa-da, Rossiya prezidenti Tramp «haqiqatan ham yillar, ba’zi hollarda o‘nlab yillar davom etadigan inqirozlarni hal etish uchun ko‘p narsa qilayotganini» aytdi.

Tramp Ukrainada «tinchlikka chin dildan intilmoqda», dedi Putin va uning tinchlikparvarlik qobiliyatining «eng yorqin namunasi» «Yaqin Sharqdagi vaziyat» ekanini qo‘shimcha qildi.

9 oktyabr kuni AQSh prezidenti Isroil va HAMAS G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning «birinchi bosqichini imzolaganini» e’lon qildi, 10 oktyabr kuni esa Isroil qamalidagi anklavda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganini aytdi.

Bu Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati davomida tugatishga muvaffaq bo‘lgan ko‘plab mojarolardan biridir, garchi Associated Press agentligi bu da’voning ko‘p qismini tekshirib, ba’zilarini yolg‘on deb topgan bo‘lsa ham.

«Agar Donald o‘zi intilayotgan, gapirgan va qilmoqchi bo‘lgan hamma narsani amalga oshirishga muvaffaq bo‘lsa, bu tarixiy lahza bo‘ladi», dedi Rossiya prezidenti.

AQSh tarixida tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini to‘rt prezidenti va bir vitse-prezident olgan, jumladan, sobiq prezidentlar Barak Obama, Jimmi Karter, Vudro Vilson va Teodor Ruzvelt, shuningdek, sobiq vitse-prezident Albert Gor.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid