Jahon | 22:26 / 11.10.2025
13154
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda poytaxtni ko‘chirish haqida gapirildi

Ayrim siyosatchilar poytaxtni Manas shahriga ko‘chirishni taklif qildi.

Foto: Sputnik / Akylbek Batyrbekov

Qirg‘izistonda ayrim siyosatchilar poytaxtni Bishkekdan Manas shahriga ko‘chirish haqida gapirishni boshladi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi.

«Shunga loyiq bo‘lsak, nega loyiq bo‘lmas ekanmiz, Xudo xohlasa, bo‘ladi. Buning uchun shaharni, xalqni tayyorlash, ruhiy jihatdan bunga tayyor bo‘lish kerak. Poytaxt bo‘lish oson emas. Shaharga ko‘p mablag‘ ajratilmoqda, uni o‘zgartirish kerak. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, hamma joyda qurilish ishlari ketyapti. Uni zamonaviy shaharga aylantirish kerak», dedi Tashiyev 11 oktyabr kuni Manas maktablari direktorlari bilan uchrashuvda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Manas respublika ahamiyatiga molik uchinchi shahar bo‘ladi. Bu 2026 yilda sodir bo‘ladi.

Tashiyev, shuningdek, shahar nomini o‘zgartirish strategik jihatdan to‘g‘ri qaror bo‘lganini ta’kidladi.

Jalolobod shahri 17 sentabr kuni rasman Manas deb o‘zgartirildi. Prezident Sadir Japarov tegishli qonunni imzoladi.

Manas - Qirg‘izistondagi uchinchi yirik shahar, Jalolobod viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 184,4 ming kishi. Mamlakat janubida, Farg‘ona vodiysida joylashgan.

Mavzuga oid