Jahon | 18:04 / 11.10.2025
6888
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini egasidan tortib olmaganini aytdi

Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, venesuelalik muxolifatchi ayol Mariya Machado Nobel mukofotini o‘ziga berishi mumkin edi. Endi Amerika prezidenti kelasi yili o‘zi uzoq kutgan mukofotni olishiga umidvor bo‘lmoqda.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, bu yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini egasidan tortib olmaganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Nobel mukofotini olgan kishi (Mariya Korin Machado) unga qo‘ng‘iroq qilib, mukofotni o‘ziga bag‘ishlaganini aytgan.

«Men unga: «Mukofotni ber», demadim. O‘ylashimcha, u juda iltifotli bo‘lgani uchun berishi mumkin edi. Men unga har doim yordam berib kelganman, ular Venesuelada yordamga juda muhtoj», dedi Tramp jurnalistlarga.

Venesuelalik muxolifatchi ayol Mariya Machado ijtimoiy tarmoqda erkinlik va demokratiyaga erishish ishi Tramp va boshqa asosiy ittifoqchilarga bog‘liqligini yozdi.

«Mukofotni Venesuelaning jafokash xalqi va bizning ishimizni qat’iy qo‘llab-quvvatlagani uchun prezident Trampga bag‘ishlayman!», deb yozdi u.

Foto: AP

Shu bilan birga, Amerika prezidenti kelasi yili o‘zi uzoq kutgan mukofotni olishi mumkinligiga ishora qildi.

«Umuman olganda, bu mukofot 2024 yil uchun berilgan, men esa 2025 yilda lavozimga kirishganman. Men millionlab odamlarning hayotini saqlab qolganimdan mamnunman», deb xulosa qildi u.

2025 yil yanvar oyida Oq uyga qaytganidan beri Amerika rahbari mukofotga «loyiq» ekani va uni o‘ziga berilmasligi «Qo‘shma Shtatlarni haqorat qilish» bo‘lishini bir necha bor ta’kidlagan.

Sentyabr oyida Kvantiko bazasida harbiylar oldida nutq so‘zlagan Tramp shunday degan edi: «Men Nobel mukofotini olamanmi? Mutlaqo yo‘q. Uni hech nima qilmagan biror yigitga berishadi».

Oq uy 10 oktyabr kuni prezident Trampga mukofot berilmaganidan norozilik bildirdi, chunki mukofot qo‘mitasi «siyosatni tinchlikdan ustun qo‘ygan».

Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp mukofotga asosiy da’vogarlardan biri hisoblanardi. Biroq bu yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado bo‘ldi. Oslodagi Nobel qo‘mitasi «uning Venesuela xalqining demokratik huquqlarini ilgari surish bo‘yicha tinimsiz ishini» e’tirof etdi.

Mavzuga oid