Sport | 08:03 / 11.10.2025
8418
2 daqiqa o‘qiladi

«Urugvay bilan o‘yin bu – ancha yuqori daraja» – Igor Sergeyev

Milliy jamoa hujumchisi Kuvaytga qarshi o‘tgan o‘yin hamda yangi bosh murabbiy haqidagi fikrlarini ham bildirdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston milliy jamoasi Urugvayga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazish uchun Malayziyaga yo‘l oldi. Parvoz oldidan milliy jamoa hujumchisi Igor Sergeyev Kun.uz muxbiriga ushbu yig‘in haqida fikrlari bilan bo‘lishdi.

— Kuvayt bilan o‘tgan birinchi va Urugvay bilan bo‘lajak o‘yin haqida. Bu yig‘in bizga nima beradi va yangi murabbiy boshchiligidagi ba’zi o‘yinda qanday jihatlarni ko‘rdingiz?

— Xo‘sh, bu yig‘in nima beradi, degan savolning o‘zi, albatta, biroz noto‘g‘ri. Har bir yig‘in, har qanday terma jamoa bilan o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvi nimadir beradi. Tajriba beradi, tayyorgarlik darajamizni ko‘rsatadi, desak ham bo‘ladi.

Kuvayt bilan o‘yin borasida taassurotlar ikki xil. Biroz tartibsiz o‘ynadik, lekin xudoga shukr, g‘alaba qozondik, gol urdik. Endi hammamiz xayolan keyingi o‘yinimiz Urugvay bilan bo‘lishini tushunib turgandik. Ularning darajasi ancha yuqori, o‘yinni kuzatamiz va tahlil qilamiz.

Murabbiy haqida. Tabiiyki, uning o‘ziga xos, yevropacha yondashuvi bor. Hozircha aniq nima o‘zgarganini ayta olmayman, lekin o‘rganyapmiz, kuzatyapmiz, eshityapmiz, nimadir o‘zlashtirishga harakat qilyapmiz.

— Bo‘lajak o‘yin haqida nima deysiz?

— O‘ylaymanki, yaxshi o‘yin bo‘ladi. Biz baribir jahon chempionati ishtirokchisi bo‘lganimiz uchun, bu o‘yin ular uchun ham, biz uchun ham bir sinov bo‘ladi. Bunday jiddiy raqib bilan tez-tez o‘ynab turmaymiz, shuning uchun o‘z kuchimizni sinab ko‘rish — bu ham yaxshi tajriba.

Mavzuga oid