Sport | 18:58 / 12.10.2025
7507
3 daqiqa o‘qiladi

Fabio Kannavaro: Biz raqibdan qo‘rqmaymiz va o‘z o‘yinimizni ko‘rsatmoqchimiz

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va darvozabon Abduvohid Ne’matov Urugvayga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Foto: UFA

Fabio Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasini qiyin o‘yin kutmoqda.

“Avvalo, tashrif uchun barchaga rahmat aytaman. Biz kecha Malayziyaga yetib keldik va tiklanish mashg‘ulotlarini olib bordik hamda ertangi uchrashuvga tayyorgarlikni boshladik. Bu avvalgi uchrashuvdan ko‘ra farqli o‘yin bo‘ladi. Dunyodagi eng kuchli jamoa va eng kuchli murabbiylardan biri — Marselo Belsaga qarshi bahs olib boramiz. Bizni oldinda qiyin o‘yin kutib turibdi. Biz raqibdan qo‘rqmaymiz va o‘z o‘yinimizni ko‘rsatmoqchimiz. Bu o‘rtoqlik uchrashuvi, lekin maydonda borimizni beramiz.

Bu o‘zimizni ko‘rsatishimiz uchun yaxshi imkoniyat. Ko‘proq to‘pni nazorat qilishga harakat qilamiz, chunki ularga imkoniyat berib bo‘lmaydi. Vaziyatni o‘z qo‘limizga olishimiz kerak. Har doim ham hujumda harakat qilib bo‘lmaydi”, dedi u.

Kannavaro o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat ekanligini ta’kidladi.

“Jahon chempionatida dunyoning eng kuchli jamoalariga qarshi o‘yin o‘tkazamiz. Biz aynan shunday uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Tanqidlar bo‘lishi tabiiy, lekin biz hamma sport turlarida bo‘lgani kabi natija haqida o‘ylashimiz kerak. O‘rtoqlik o‘yini bo‘lsada, bor imkoniyatimizni ishga solishimiz, qattiq ishlashimiz va birgalikda harakat qilishiz zarur. Bu sport va oddiy o‘yinlarida ham, barcha jihatlarni e’tiborga olish kerak.

O‘rtoqlik uchrashuvlari o‘zimizni ko‘rsatish uchun imkoniyat, chunki mundialda bunga vaqt bo‘lmaydi. Uzoq safar kutib turgani uchun ba’zi futbolchilarni ortiqcha charchatishni istamadik, men ularning barchasi bilan gaplashdim. Jahon chempionatiga qadar bizda 8 oy vaqt bor va biz barcha futbolchilarning o‘yinini kuzatamiz”, dedi O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi.

Darvozabon Abduvohid Ne’matov esa quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Murabbiyimiz ta’kidlaganidek, tiklanish mashg‘ulotini o‘tkazdik, Ertangi o‘yinga tayyormiz va bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

Urugvay jahonda o‘z o‘rniga ega jamoa. Murabbiylarimiz bilan ularning o‘yinlarini tahlil qilyapmiz, har qanday jamoaning kuchli va kuchsiz jihatlari bo‘ladi. O‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz”.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Urugvayga qarshi o‘yini 13 oktabr kuni Malakka shahridagi "Hang Jyebat" stadionida Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da boshlanadi.

9 oktyabr kuni Fabio Kannavaroning bosh murabbiy sifatidagi ilk o‘yinida O‘zbekiston Kuvaytni 2:0 hisobida mag‘lub etgandi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid