O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. U ijobiy natija uchun barcha futbolchilar birgalikda ter to‘kishi lozimligini ta’kidlagan.

«Raqibimiz jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Agar Portugaliya jamoasini tahlil qilib ko‘rsangiz, ularning qanotlarda juda kuchli futbolchilari bor, dunyoning eng yaxshi yarimhimoya chiziqlaridan biriga ega, shuningdek futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilaridan biri ham shu jamoada o‘ynaydi.

Shunday ekan, bu oson o‘yin bo‘lmaydi. Lekin biz jahon chempionatidamiz, jamoa sifatida harakat va mehnat qilishimiz zarur. Chunki ijobiy natija bilan maydonni tark etishning yagona yo‘li shu», – deya Kannavaroning so‘zlarini keltirmoqda O‘FA matbuot xizmati.

Murabbiy futbolchilar nomdor raqibdan qo‘rqmasligini ta’kidlagan.

«Biz Portugaliyaning futbol falsafasini o‘rganishga harakat qildik. Ular doimo to‘p nazorati orqali o‘yinni boshqarishni yoqtiradi. Shuningdek, uchrashuvni juda faol boshlashga intilishlarini ham bilamiz. Chunki imkon qadar tezroq o‘yinni o‘z foydasiga burishni, himoyani yorib o‘tishni istashadi.

Shundan kelib chiqib biz ham bunga tayyorgarlik ko‘rdik, deb o‘ylayman. O‘z rejamiz va strategiyamiz bor va maydonda aynan o‘z o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz. Futbol shunday o‘yin. Biz juda kuchli jamoaga qarshi maydonga tushayotganimizni bilamiz, ammo avval ham aytganimdek, biz bundan qo‘rqmaymiz.

Qo‘limizdan kelgan eng yaxshi o‘yinni ko‘rsatishga va uchrashuv oxirigacha kurashishga harakat qilamiz», – deydi italiyalik mutaxassis.

U raqib jamoa sardori Krishtianu Ronalduga to‘xtalib, uni jarima maydonida e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

«Yuqorida ham aytganimdek, biz faqat Krishtianuga qarshi o‘ynamaymiz. U futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri, biroq Portugaliya faqat Ronaldudan iborat emas. Ularning asosiy tarkibida ham, zaxirasida ham juda ko‘p yuqori saviyali futbolchilar bor.

Shunga qaramay, jarima maydonida Ronalduni bir lahzaga ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. U standart vaziyatlarda ham, o‘yin davomida ham istalgan payt gol urishga qodir. Shu bois, butun o‘yin davomida maksimal darajada diqqatli bo‘lishimiz kerak», – deydi jamoa bosh murabbiyi.