Jahon | 21:41 / 13.10.2025
10512
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Misrdagi sammitga Netanyahu ham kelishi aytilgach, qaytib ketmoqchi bo‘ldi

Turkiya rahbarining samolyoti Netanyahuning bormasligi tasdiqlangunga qadar havoda bo‘lgan, shundan so‘ng manzilga qo‘ngan.

Foto: Anadolu Agency

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an samolyoti Misrning Sharm ash-Shayx shahriga parvozi chog‘ida sammitda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham ishtirok etishi mumkinligidan xabar topdi. Shundan so‘ng, samolyotga qo‘nmaslikni buyurdi. Bu haqda Turkiyaning Milliyet va TGRT nashrlari xabar berdi.

Erdo‘g‘an Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy va AQSh prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni muhokama qilish uchun Turkish Airlines samolyotida Misrga uchib borayotgan edi.

Israel Hayom nashrining yozishicha, Erdo‘g‘an parvoz vaqtida Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiyga qo‘ng‘iroq qilib, «agar Netanyahu ham kelsa, qo‘nmasligini» aytgan. Shuningdek, Turkiya rasmiylari Qo‘shma Shtatlar bilan bog‘lanib, «bu haqda oldindan kelishilmagani uchun e’tiroz bildirgan».

Iroqning INA agentligi xabariga ko‘ra, Isroil bosh vazirining ishtirokini AQSh prezidenti Donald Tramp tashkillashtirishga uringan, biroq urinish muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Qayd qilinishicha, Iroq bosh vaziri Muhammad Shia as-Sudaniy ham agar Netanyahu sammtga borsa, tadbirda qatnashishdan bosh tortishi haqida ogohlantirgan.

Ta’kidlanishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh va Isroil rasmiylari bilan maslahatlashgandan so‘ng, safardan voz kechgan.

Erdo‘g‘anning samolyoti Netanyahuning bormasligi tasdiqlangunga qadar havoda bo‘lgan, shundan so‘ng manzilga qo‘ngan.

13 oktyabr kuni ertalab Netanyahu Tramp bilan Isroilda uchrashdi. Keyinroq Misr tomoni Isroil bosh vazirining ehtimoliy ishtiroki haqida xabar berdi, deb yozdi Reuters. Biroq Netanyahuning idorasi taklif haqiqatan ham kelganini, biroq bosh vazir yahudiy bayramlari boshlangani sababli bormasligini ma’lum qildi. Sammitda HAMAS vakillari ham bo‘lmaydi.

Mavzuga oid