Ko‘chmas mulk | 18:45 / 14.10.2025
3972
2 daqiqa o‘qiladi

«Quvvat yetarli bo‘lmasa, ulanish imkoniyati yo‘q» – Qurilish vazirligi

Deputat Sayyora Jumayeva mahallalardagi ko‘p qavatli yangi uylarning mavjud kommunal tarmoqlarning imkoniyatlarini hisobga olmay qurilayotganidan xavotir bildirdi. Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘ayrat Rahimovga ko‘ra, quvvat yetarli bo‘lmasa, tarmoqqa ulanish taqiqlanadi va tegishli tashkilot texnik xizmat ko‘rsatmaydi.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yangi qurilish oqibatida kanalizatsiya va suv ta’minoti tarmoqlari yuklamasi ortayotgani mavzusi muhokama qilindi.

Deputat Sayyora Jumayeva hovli va mahallalarda ko‘p qavatli uylarning ommaviy qurilishi Sovet Ittifoqi davrida loyihalashtirilgan kommunal infratuzilmaga yuklamani haddan tashqari orttirayotganidan xavotir bildirdi.

«Bugungi kunda hovli va mahallalardagi bo‘sh turgan maydonlarda ko‘p qavatli turar joy binolari faol qurilmoqda. Lekin bu hududlardagi suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarining quvvati o‘tgan asrda loyihalashtirilgan. Hozir bu tarmoqlarga sezilarli darajada ko‘p yuklama tushib ketmaydimi? Qurilishga ruxsat berishda mavjud quvvatlar hisobga olinadimi?» dedi deputat.

Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘ayrat Rahimov tarmoqqa yuklamaning ortib ketish xavfi borligini tasdiqladi, shu bilan birga, «Ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida»gi qonunda uning oldini olish mexanizmlari borligini ta’kidlab o‘tdi.

«Qonunda aniq ko‘rsatilgan, agar tarmoqlarning suv ta’minoti va kanalizatsiya quvvati yetarli bo‘lmasa, suv ta’minotini ta’minlovchi tashkilot texnik xizmat ko‘rsatmaydi yoki ulanish imkoniyatini yaratilmaydi. O‘tgan yili tarmoq sig‘imi yetarli emasligi sababli ulash uchun texnik xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish bilan bog‘liq 350 ga yaqin holat qayd etilgan. Masalan, Chilonzor tumanida 600 nafar iste’molchiga mo‘ljallangan tarmoqqa ulanishi kerak bo‘lgan ko‘p qavatli turar joy binosini loyihalash jarayonida kanalizatsiya quvvati ulanishga imkon bermayotgani ma’lum bo‘ldi va ruxsat berilmadi”, dedi G‘ayrat Rahimov. 

Mavzuga oid