Jahon | 18:38 / 15.10.2025
19549
9 daqiqa o‘qiladi

Hazilkash prezidentlar: katta sammitning kichik lahzalari

Pul, pul va yana pul: Donald Tramp tinchlik sammitida nuqul boylik haqida gapirdi. Indoneziya rahbarining sirli iltimosi: prezidentlarning xos suhbati yana mikrofonga yozilib qoldi. Ta’zim bajo qilgan Viktor Orban, o‘ng‘aysiz vaziyatda qolgan Kir Starmer, chekmaslikni tavsiya qilgan Erdo‘g‘an... Kun.uz Sharm ash-Shayx sammitining qiziq lahzalari haqida hikoya qiladi.

Misrning Sharm ash-Shayx shahrida o‘tgan G‘azo uchun tinchlik sammiti siyosatchilarning noodatiy va hatto o‘ng‘aysiz harakatlariga boy bo‘ldi. 2 yillik qirg‘inbarotni to‘xtatishga bag‘ishlangan sammit natijalari haqida avvalroq batafsil to‘xtalgan edik. Ushbu videoda esa anjuman kuni ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyilgan qiziqarli holatlarga e’tiboringizni qaratamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Sammitning amaldagi mezboni Misr prezidenti Abdulfattoh As-Sisi bo‘lsa-da, undagi tadbirlarda AQSh yetakchisi Donald Tramp ham o‘zini mezbondek tutdi. Chunki aynan u o‘ttizga yaqin davlat yetakchilarini ushbu sammitga to‘plagan edi. Donald Tramp mehmonlarni qarshilar ekan, ayrimlari haqida hazil-huzul gaplar qildi.

Masalan, BAA vitse-prezidenti, “Manchester Siti” klubi xo‘jayini Shayx Mansurni kutib olayotib, uning puli ko‘pligini aytdi. “Puli judayam ko‘p, behisob puli bor! O‘zi ham yaxshi odam”, dedi Tramp.

Foto: Emirates News Agency (WAM)

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ham Amerika rahbarining qiziqqon gaplaridan quruq qolmadi. “Uni o‘ziga dushman qilib olgan odamga yaxshi bo‘lmaydi”, dedi Tramp ham maqtov, ham yasama ogohlantirish ohangida.

Martabali mehmonlar davrasida Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham o‘z hazillari bilan ajralib turdi. U sammitga yig‘ilgan davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlanishi arafasida Italiya bosh vaziri Jorja Meloni bilan salomlasharkan, unga samimiy ohangda chekishni tashlashni tavsiya qildi. Avvaliga Meloni: “Yaxshiman, o‘zingiz-chi? Samolyotdan tushayotganingizni ko‘rdim, bir vaqtda yetib keldik”, dedi. Bunga javoban Erdo‘g‘an: “Ko‘rinishingiz juda zo‘r, lekin sizni chekishni tashlashga ko‘ndirishim kerak”, deya hazil qildi.

Italiya bosh vaziri kulgancha: “Bilaman, lekin o‘zimni yomon his qilishni xohlamayman” deya tan oldi. Ya’ni u agar chekmasa, o‘zini yomon his qilishini aytdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa, “chekishni tashlab bo‘lmaydi” degan ma’noda replika tashlab qo‘ydi.

Pool photo by Yoan Valat / AFP via Getty Images

Sammit davomida Tramp ko‘plab yetakchilar sharafiga iliq gaplar aytdi, lekin ular orasida Erdo‘g‘anning qat’iyatli lider ekaniga alohida urg‘u berdi:

“Nimaga unaqa bilmayman, lekin “yumshoq”, kelishish oson odamlardan ko‘ra, o‘z pozitsiyasida qattiq turadigan odamlar menga ko‘proq yoqadi. Bilmadim nimaga. Taxminimcha, bu mendagi shaxsiyat muammosi bo‘lsa kerak. Turkiyalik bu janob hozir dunyodagi eng qudratli armiyalardan biriga ega. U armiyasining asl qudratini oshkor qilmaslikni afzal ko‘radi”, – dedi AQSh prezidenti.

Bu tadbirda AQSh, Misr, Qatar va Turkiya rahbarlari G‘azodagi urushni tugatish haqida deklaratsiya imzoladi. Donald Tramp kelishuvni imzolash chog‘ida orqa qatorda o‘tirgan boshqa davlatlar yetakchilarini nazarda tutib, yana bir bor pul va boylik haqida gapirdi.

“Imzolashimizga bir guruh davlatlar shohid bo‘lishadi, ular ortimizda o‘tirishibdi. Aytishim mumkinki, ularning aksariyatida pul judayam ko‘p. Ularning hammasining pullari rosa ko‘p. Orqamizda katta pullar va kuch-qudrat vakillari jamlanishgan. Ular ortimizda o‘tirishgani menga yoqyapti. Ular hech qachon birovning orqasida o‘tirishmagan. Bunaqasi ular uchun juda noyob holat”, – deya, yig‘ilganlarga minnatdorchilik bildirdi Oq uy rahbari.

Siyosatchilarning o‘zaro suhbati yoniq turgan mikrofonga tasodifan yozilib qolishi holati bu sammitda ham kuzatildi. Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto AQSh prezidenti bilan suhbatida allaqaysi mintaqani nazarda tutib, “bu region xavfsiz emas” deganini eshitish mumkin. U mikrofonga uzuq-yuluq yozilib qolgan so‘zining davomida: “Erik bilan uchrashsam bo‘ladimi?” deb so‘raydi. Tramp esa bunga javoban: “Erikka aytaman, sizga telefon qiladi. U zo‘r bola”, deya javob beradi.

Ma’lumot uchun, Erik Tramp – Donald Trampning o‘g‘li, The Trump Organisation konglomeratining prezidenti. Bu kompaniya bir necha oy oldin Indoneziyada o‘zining birinchi golf klubini ochgan va yaqin vaqt ichida bu mamlakatda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq yana boshqa loyihalarni ham amalga oshirmoqchi. AQSh prezidenti Oq uyga qaytishidan oldin o‘zining bizneslari boshqaruvini o‘g‘illari Erik va kichik Donaldga topshirgan, lekin tanqidchilari uni doimiy ravishda o‘z prezidentligidan biznes manfaatlari yo‘lida foydalanishda ayblab keladi.

Sharm ash-Shayxdagi sammit kuluarlarida yana bir qiziq holat kameralarga yozilib qoldi. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning oldida paydo bo‘lib, qo‘l berishdan oldin biroz egilgancha unga ta’zim bajo keltirdi. Bu vaqtda Aliyev Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler bilan suhbatlashib turgandi va Orban uning qarshisida ham xuddi yaponlardek biroz egilib qo‘ydi.

Ularning ortida Germaniya kansleri Fridrix Mers Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bilan nimanidir muhokama qilayotganini ko‘rish mumkin. Internetda tarqalgan videoda ikki davra o‘rtasida turgan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan kim bilan suhbatlashishni bilmay turgandek taassurot uyg‘otadi

Foto: AP

Sammitda G‘azodagi urushni tugatish haqida deklaratsiya imzolangach, anjumanga yig‘ilgan yetakchilar jurnalistlar uchun brifing o‘tkazishdi. Unda siyosatchilarning bir guruhi sahnada 30 daqiqa tik turgan paytda, qolganlari tomoshabin sifatida zalda o‘tirishdi. Britaniya, Kanada, Germaniya bosh vazirlari qatorida, masalan, FIFA prezidentini ham minbarda ko‘rish mumkin edi, lekin Fransiya va Turkiya prezidentlari yoki Qatar amiri sahnada yo‘q edi. Mezbon Misr prezidentidan keyin so‘zga chiqqan Donald Tramp ham hayron bo‘lib: “Sizlar nega o‘zi bu yerga chiqib oldilaring” degandek, bir emas, ikki marta luqma tashladi.

AQSh prezidenti sammitda ishtirok etayotgan o‘nlab davlatlarni birma-bir sanab o‘tib, ayrimlarining rahbarlari haqida hazil-huzul qildi. Jumladan, navbat Fransiyaga kelganida: “Emmanuel orqamda turgan bo‘lsa kerak, qani u? [Pastda o‘tirganiga] ishongim kelmayapti. Sen bugun ko‘zga ko‘rinmay, imi-jimida ishingni bitirib ketmoqchisan shekilli”, deya zaldagilarni kuldirdi Tramp.

U yig‘ilganlar orasidan Germaniya kansleri Fridrix Mersni ajratib olishga qiynalmadi: “Uni topib olish oson, chunki bo‘yi juda uzun”.

Tramp Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni noqulay vaziyatga tushirib qo‘ydi. “Birlashgan Qirollik qani? Do‘stim qayerda? Buyoqqa kel. Hammasi yaxshi ketyaptimi? Bu yerda ekaningdan mamnunman”, dedi Oq uy rahbari. Bu vaziyatda Starmer Tramp uni minbarda so‘zlash uchun chaqirdi deb o‘ylab, shunga taraddudlanib chiqqandi. Unday bo‘lib chiqmagach, o‘ng‘aysiz holatga tushgan bosh vazir bir og‘iz salom-alikdan keyin yana joyiga qaytdi.

Donald Tramp sammitga yig‘ilgan siyosatchilarning ko‘pini maqtagan bo‘lsa-da, nutqining oxirrog‘ida “oralaringda men yoqtirmaydigan odamlar ham bor” deya piching qildi.

“Ko‘plaringizni anchadan beri taniyman. Sizlar mening do‘stimsizlar. Zo‘r odamsizlar. Lekin bir-ikkitangizni yoqtirmayman. Kimligini esa aytmayman. Bu odamlar menga umuman yoqmaydi. Kimni nazarda tutayotganimni hech qachon bilolmaysizlar. Balki o‘ylab, topishga harakat qilib ko‘rarsizlar?” – dedi prezident Tramp.

Mavzuga oid