Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bakteriyalarning antibiotikka chidamliligi keskin ortmoqda – JSST
2018 yildan 2023 yilgacha bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi 40 foizdan ko‘proqqa oshgan, ya’ni har yili 5–15 foizgacha o‘sish kuzatilgan. 2019 yilda rezistent bakteriyalar 1,27 million kishining bevosita o‘limiga sabab bo‘lgan. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, agar zarur choralar ko‘rilmasa, 2030 yilga borib bunday infeksiyalar har yili dunyo iqtisodiyotiga 3 trillion dollargacha zarar yetkazishi mumkin.
Foto: Sarah Grillo/Axios
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qilishicha, oddiy infeksiyalarni davolash tobora qiyinlashmoqda, negaki ko‘plab bakteriyalar antibiotiklarning ta’siriga chidamli bo‘lib qolgan, ya’ni ularni o‘ldirish yoki to‘xtatish qiyinlashgan.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, global miqyosda har olti infeksiyadan biri antibiotiklar ta’sir qilmayotgan bakteriyalar sababli yuzaga kelmoqda. Bu holat millionlab odamlar hayoti uchun xavfli: oddiy kasalliklarni davolashni qiyinlashtirib, sog‘liqni saqlash tizimlariga katta yuk bo‘lyapti.
Hisobotda qayd etilishicha, 2018 yildan 2023 yilgacha bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi 40 foizdan ko‘proqqa oshgan, ya’ni har yili 5–15 foizgacha o‘sish kuzatilgan.
“Antimikrob qarshilik tibbiyotdagi yutuqlardan tezroq rivojlanmoqda va bu butun dunyoda oilalarining sog‘lig‘iga jiddiy xavf solmoqda. Antibiotiklardan to‘g‘ri foydalanishimiz, sifatli dori vositalari, aniq diagnostika va vaksinalarga barcha uchun teng imkon yaratishimiz kerak”, – deydi JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyyesus.
Tadqiqot 100 dan ortiq mamlakatdan to‘plangan 23 milliondan ziyod ma’lumotga asoslanadi. Unda aniqlanishicha, Janubi-Sharqiy Osiyo va Sharqiy O‘rta Yer dengizi mintaqalarida har uchta infeksiyadan biri, Afrikada esa har beshta infeksiyadan biri antibiotiklarga javob bermay qo‘ygan.
Bakteriyalar dori ta’siriga chidamli bo‘lib qolganda ilgari oson davolangan kasalliklar ham uzoq davom etadi, murakkablashadi yoki ularni butunlay davolab bo‘lmaydi. Oqibatda bemorlarning sog‘ayish muddati uzayadi, asoratlar ko‘payadi va o‘lim xavfi ortadi. Oddiy, arzon dorilar foyda bermagani uchun shifokorlar qimmat va kuchli antibiotiklarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Bu esa past daromadli mamlakatlarga katta muammo tug‘diradi, chunki bunday dori vositalarini xarid qilishga hammaning ham qurbi yetmaydi.
2019 yilda antibiotiklarga chidamli bakteriyalar 1,27 million kishining bevosita o‘limiga sabab bo‘lgan. Yana 5 millionga yaqin odamning o‘limi esa bu muammo bilan bilvosita bog‘liq. Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar hozir zarur choralar ko‘rilmasa, 2030 yilga borib antibiotiklarga bardoshli infeksiyalar dunyo iqtisodiyotiga har yili 3 trillion dollargacha zarar yetkazishi mumkin.
Antimikrob qarshilik (AMR)
Bu bakteriya, virus, zamburug‘ va parazitlarning ularga qarshi ishlatiladigan dorilarga moslashishi, mazkur mikroorganizmlarni yo‘q qilish yoki o‘sishini to‘xtatish qiyinlashgan holatdir. Ushbu holat tasirida oddiy infeksiyalar ham davolanmay qolishi, asoratlar va o‘lim xavfi oshishi mumkin. Shu sababli bu muammo ko‘pincha “ovozsiz (jim) pandemiya” deb ataladi, ya’ni u aniq belgilarsiz, ammo keng miqyosda zarar yetkazadi.
Antimikrob qarshilikning asosiy sabablariga quyidagilar kiradi:
- birinchi navbatda, odamlar va shifokorlar tomonidan antibiotiklardan ortiqcha yoki noto‘g‘ri foydalanish (masalan, retsepsiz dori olish, davolanish kursini tugatmaslik yoki virusga qarshi antibiotik ishlatish);
- ikkinchidan, chorvachilik va qishloq xo‘jaligida antibiotiklarni keng qo‘llash, bunda doriga chidamli bakteriyalar hayvonlardan odamga o‘tishi mumkin;
- uchinchidan, gigiyena va infeksiya nazoratining sustligi: kasalxona va jamoat joylarida qo‘l yuvish, sanitariya qoidalariga rioya etmaslik infeksiya tarqalishini kuchaytiradi;
- to‘rtinchidan, sifatli dorilar va aniq diagnostika vositalari bilan taminlanish cheklangani, bu esa noto‘g‘ri dori tanlash yoki davolanish kechikishiga sabab bo‘ladi.
“Superbakteriyalar” xavfi
Hisobotda eng xavfli holat gram-manfiy bakteriyalar bilan bog‘liqligi ta’kidlangan. Mazkur turdagi bakteriyalar ko‘plab antibiotiklarga bardosh bera oladi va ularni yo‘qotish juda mushkul. Masalan, E.coli va Klebsiella pneumoniae bakteriyalari qon infeksiyalarining eng keng tarqalgan sabablari hisoblanadi. Endilikda ular hatto eng kuchli dorilardan biri bo‘lgan uchinchi avlod sefalosporinlarga ham chidamli bo‘lib qolgan.
Dunyo miqyosida:
- E.coli bakteriyalarining taxminan 40 foizi,
- Klebsiella pneumoniae shtammlarining 55 foizi bu antibiotiklarga qarshi immunitet hosil qilgan.
Afrikaning ayrim mintaqalarida mazkur raqam hatto 70 foizdan oshgan. Karbapenemlar va ftorxinolonlar kabi yana boshqa muhim antibiotiklar ham Salmonella va Acinetobacter bakteriyalariga qarshi ta’sirini yo‘qotmoqda.
Zaif tizim – past natija
Hisobotda aytilishicha, antibiotiklarga chidamlilik eng ko‘p sog‘liqni saqlash tizimi zaif bo‘lgan va ma’lumot yig‘ish imkoniyati cheklangan mamlakatlarda uchraydi. Bu holat “tizim zaif bo‘lsa, natija ham yomon bo‘ladi” degan muammoni yanada kuchaytiradi.
JSST 2016 yilda antibiotik qarshiligini kuzatish tizimini ishga tushirgandan so‘ng, unga qo‘shilgan davlatlar soni 25 tadan 104 taga yetgan. Shunga qaramay, 2023 yilda tashkilotga a’zo mamlakatlarning deyarli yarmi hech qanday ma’lumot yubormagan. Hisobot topshirgan mamlakatlarning o‘zida ham ishonchli ma’lumot to‘plash tizimi yetarli emas.
2024 yilda BMT Bosh Assambleyasi antibiotiklarga qarshilikka qarshi kurash bo‘yicha maxsus deklaratsiya qabul qildi. Unda inson, hayvon va atrof-muhit salomatligi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidlovchi “Bir sog‘liq” (One health) yondashuvi tasdiqlandi.
JSST barcha davlatlarni bu qarorlarni faqat so‘zda emas, amalda bajarishga chaqirmoqda. Tashkilot rahbari Tedros Adhanom Gebreyyesus fikricha:
“Sog‘lom hayotimiz infeksiyalarning oldini olish, ularni o‘z vaqtida aniqlash va samarali davolash tizimlarini mustahkamlashga bog‘liq. Shuningdek, yangi avlod antibiotiklarini yaratish va kasalliklarni tezroq aniqlovchi diagnostika usullarini joriy etish zarur.”
Umumiy olganda, bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi butun dunyo uchun jiddiy muammo. Mazkur preparatlardan to‘g‘ri foydalanmasak, oddiy kasalliklarni ham davolash qiyinlashadi. Shu bois har bir inson va davlat bu muammoni jiddiy qabul qilib, sog‘lom kelajak uchun choralar ko‘rishi zarur.
Diyoraxon Nabijonova
Mavzuga oid
13:05 / 02.12.2025
Qizamiqdan o‘limlar soni kamaydi, lekin kasallanish ko‘rsatkichlari oshib bormoqda – JSST
20:28 / 16.11.2025
Misr qadimiy kasalliklardan biriga barham berilganini e’lon qildi
18:05 / 15.10.2025
JSST bolalar o‘limiga sabab bo‘layotgan xavfli yo‘tal siroplari haqida ogohlantirdi
12:19 / 08.10.2025