O‘zbekiston | 11:30 / 16.10.2025
1101
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada birinchi Farg‘ona tinchlik forumi o‘z ishini boshladi

Farg‘onada Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida muloqot, ishonch va hamkorlikning yangi mintaqaviy maydoniga aylanishi kutilayotgan birinchi Farg‘ona tinchlik forumining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlarining yetakchi «aql markazlari» ekspertlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolik jamiyati, biznes, akademik doiralari vakillari va yoshlar faollari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov forum shunchaki muhokama maydoni emas, balki mintaqaviy hamkorlikning yangi falsafasini shakllantirish yo‘lidagi qadam ekanini ta’kidladi.

U prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining yubiley 80-sessiyasida «Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan nizo va mojarolar davri o‘tmishda qoldi. Bugun Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi», deya qayd etgan so‘zlarini yodga oldi.

Farg‘ona vodiysi bir necha o‘n yillar davomida murakkab ziddiyatlar hududi sifatida qabul qilingan. Bugun esa u yaxshi qo‘shnichilik, ochiqlik va birgalikda bunyodkorlik orqali ishonchsizlikning tarixiy merosini qanday yengib o‘tish mumkinligi bo‘yicha namunaga aylanmoqda, dedi Eldor Aripov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «forum – bu jarayonni mustahkamlash, uni o‘zaro tushunish va barqaror rivojlanishning uzoq muddatli strategiyasiga aylantirishga qilingan urinishdir».

Eldor Aripov O‘zbekiston prezidentining Markaziy Osiyodagi siyosati muvaffaqiyatining garovi uning «strategik qarashlari, siyosiy irodasi, muloqotga bo‘lgan ishonchi va eng o‘tkir masalalar bo‘yicha ham yaqin qo‘shnilar bilan murosaga kelish imkoniyati» bo‘lganini ta’kidladi.

Forum yangi an’ananing — tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish va mintaqaviy birdamlik g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan uch mamlakat vakillarining yillik uchrashuvlarining boshlanishi bo‘ladi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha mintaqadagi davlatlarning o‘zaro ishonchni mustahkamlash, gumanitar aloqalarni rivojlantirish va birgalikdagi iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoit yaratishga bo‘lgan intilishini aks ettiruvchi kommyunike qabul qilish rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid