Jahon | 18:56 / 17.10.2025
4305
3 daqiqa o‘qiladi

«Saudiya Arabistoni «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shilishiga umid qilaman» - Tramp

AQSh prezidenti Isroil bilan diplomatik munosabatlarni normallashtirish nazarda tutilgan «Ibrohim kelishuvlari» yaqin orada kengayishini aytdi. «Saudiya Arabistoni qo‘shilsa, boshqalar ham qo‘shiladi», dedi Donald Tramp. Saudiya Arabistoni oldinroq «Falastin davlatchiligi tan olinmaguncha Isroilni tan olmasligini» bildirgandi.

Foto: APA

AQSh prezidenti Donald Tramp «Ibrohim kelishuvlari» yaqin orada kengayishini aytdi. U Isroil bilan diplomatik munosabatlarni normallashtirish nazarda tutilgan ushbu kelishuvga Saudiya Arabistoni ham qo‘shilishiga umid bildirdi.

«Men Saudiya Arabistonining qo‘shilishini ko‘rishni umid qilaman. Boshqalar ham qo‘shilishini istayman. Menimcha, Saudiya Arabistoni kelishuvga kirsa, barcha [arab davlatlari] ham kiradi,» — dedi Tramp 17 oktabr kuni Fox Business Network telekanalida efirga uzatilgan intervyusida.

AQSh prezidenti bu bitimni «mo‘jiza» va «ajoyib» deb atadi hamda BAAning uni imzolashini olqishladi.

«Bu Yaqin Sharqda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga yordam beradi,» — dedi Tramp.

Tramp aytishicha, u chorshanba kunigacha bitimga qo‘shilish istagini bildirgan davlatlar bilan «juda yaxshi suhbatlar» o‘tkazgan.

Ibrohim kelishuvlari (Abraham Accords) bu – Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida Isroil bilan 4 ta musulmon davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha imzolangan kelishuvlar majmuasidir.

Foto: Oq uy

U 2020 yil avgustda BAA, keyinroq, shu yilning o‘zida Bahrayn, Sudan va Marokash bilan imzolangan. Kelishuvlarning asosiy maqsadi Isroil va arab/musulmon davlatlari o‘rtasida rasmiy diplomatik aloqalar o‘rnatish, elchixonalar ochish va AQSh vositachiligida mintaqaviy hamkorlik, barqarorlikka erishish bo‘lgan.

So‘nggi yillarda G‘azoda Isroil olib borgan genotsid ko‘rinishidagi urush natijasida arab dunyosidagi boshqa davlatlarni «Ibrohim kelishuvlari»ga jalb etish qiyinlashdi. Xususan, Saudiya Arabistoni bir necha bor «u Falastin davlatchiligi tan olinmaguncha Isroilni tan olmasligini» bildirgan.

Joriy yil avgust oyida Reuters nashri Tramp ma’muriyati Ozarboyjon va ayrim Markaziy Osiyo davlatlarini ham «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shish imkoniyatini muhokama qilayotganini yozgan edi. Aslida Ozarboyjon hamda Markaziy Osiyo 5 davlati allaqachon Isroil bilan diplomatik munosabatlarga ega.

Nashr manbasiga ko‘ra, ularning kelishuvlarga qo‘shilishi asosan ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, savdo va harbiy hamkorlik kabi sohalarda aloqalarni mustahkamlashga qaratiladi. Keyinroq, bu masala Oq uyning xalqaro kun tartibida tilga olinmadi.

Mavzuga oid