Jahon | 11:22 / 18.10.2025
2687
3 daqiqa o‘qiladi

Latviyada ukrainaliklarga tahdid qilgan shaxsga nisbatan jinoiy ish ochildi

Latviya huquq-tartibot idoralari Shveytsariyadagi poyezdda ukrainzabon oilaga tahdid qilgan mamlakatning rusiyzabon fuqarosiga qarshi jinoiy ish ochdi. Aniqrog‘i, u o‘zini rus deb atagan va «Sizlarni o‘ldiramiz» degan.

Foto: AP

Latviya Davlat xavfsizlik xizmati Shveytsariyada poyezdda ukrain-belaruslar oilasini og‘zaki haqorat qilgan, so‘ng ularga hujum qilgan rusiyzabon fuqaroga nisbatan jinoiy ish ochdi. Tegishli bayonot 17 oktyabr, juma kuni maxsus xizmat saytida e’lon qilindi.

14 oktyabr kuni Ukraina fuqarosi Yelena Dudnikning Instagramʼdagi sahifasida Bern kantonida Interlakendan Shpitsga ketayotgan poyezdda bir kun oldin sodir bo‘lgan voqea aks ettirilgan besh daqiqalik videoni ko‘rib chiqish natijasida milliy va etnik adovat qo‘zg‘atish moddasi bo‘yicha ish ochildi.

Yelena, uning turmush o‘rtog‘i, Shveytsariyadagi Belarus oilasida tug‘ilib o‘sgan Gabriel Sharov va farzandi poyezdda ketayotganida yonlarida o‘tirgan rus tilida so‘zlashuvchi erkak ularga tajovuzkorona murojaat qila boshlagan. Bu Yelena eri bilan ukrain tilida gaplashganidan keyin sodir bo‘lgan.

Xususan, erkak o‘zini «rus odami» deb ta’kidlagan va uning «okopda yigitlari o‘tirganini» aytgan. Videoda «Sizlarni oxirigacha o‘ldiramiz!» degan tahdid ham bor. U, shuningdek, oila ishsiz ekanligini va u «soliq to‘lagan» mamlakatda «nafaqa hisobidan yashayotganini» ta’kidlagan. U qo‘pollik bilan farzandi «ruhiy zarar ko‘rmasdan turib» vagonni tark etishlarini talab qilgan.

Gabrielga murojaat qilib, u nima uchun «okoplarda» emasligini so‘ragan va Shveytsariya pasportini ko‘rsatishni talab qilgan. Gabriel politsiyaga qo‘ng‘iroq qilyapti deb o‘ylaganida, u: «Politsiyani chaqiryapsanmi? Men seni o‘zim sindiraman!» - degan.

Bundan tashqari, erkak Shveytsariya fuqarosi ekanligini va agar politsiyaga murojaat qilsa, Yelena va Gabriel deportatsiya qilinishini aytgan. Shuningdek, u bir necha bor Yelenadan telefonida suratga olgan videoni o‘chirib tashlashni talab qilgan. Video yo‘lovchining Gabrielga hujum qilishi bilan tugaydi. DW Shveytsariyaning Bern kantonidagi politsiyaga so‘rov yubordi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid