Sog‘lom hayot | 11:46 / 20.10.2025
4522
3 daqiqa o‘qiladi

50 turdagi saratonni erta bosqichda aniqlovchi qon tahlili sinovdan o‘tkazildi

Test 99 foiz hollarda insonda saraton yo‘qligini to‘g‘ri tashxislagan. Shuningdek, u o‘simta paydo bo‘lgan joyni 10 ta holatdan 9 tasida xatosiz topgan. E’tiborga molik jihati, aniqlangan saratonlarning aksariyati hozircha maxsus tekshiruv (skrining) dasturi bo‘lmagan turlarga tegishli. Masalan, tuxumdon, jigar, oshqozon, siydik pufagi va oshqozonosti bezi saratonlari shular jumlasidandir.

Foto: Shutterstock

Shimoliy Amerikadagi tadqiqotda 50 dan ortiq turdagi saratonni aniqlay oladigan qon testi sinovdan o‘tkazildi.

Tajriba davomida AQSh va Kanadada 25 ming kishi ishtirok etgan. Ularning orasida har 100 kishidan birida test saraton mavjudligini ko‘rsatgan. Keyinchalik tekshirilganda tadqiqot ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi, ya’ni 62 foizida haqiqatan ham saraton borligi aniqlangan.

Test natijalariga ko‘ra, saraton aniqlangan bemorlarning yarmidan ko‘pida xastalik rivojlanishi erta bosqichda bo‘lgan. Test 99 foiz hollarda saraton yo‘qligini to‘g‘ri tashxislagan va u saraton boshlangan joyni 10 ta holatdan 9 tasida to‘g‘ri topgan.

Eng muhim tomoni, aniqlangan saratonlarning to‘rtdan uch qismi hozircha hech qanday skrining dasturi bo‘lmagan turlar, masalan, tuxumdon, jigar, oshqozon, siydik pufagi va oshqozonosti bezi saratoni hisoblanadi.

Testning nomi Galleri bo‘lib, uni AQShning Grail kompaniyasi ishlab chiqqan. Mazkur test saraton o‘simtasidan ajralgan DNK bo‘laklarini qon orqali aniqlaydi. U hozirda Buyuk Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati (NHS) tomonidan ham sinovdan o‘tkazilmoqda.

Galleri testi ko‘krak, o‘pka, ichak va bachadon bo‘yni saratoni uchun o‘tkaziladigan odatiy tekshiruvlar (skrininglar) bilan birgalikda qo‘llanganda saraton holatlarini aniqlash darajasi yetti baravar oshgan. Ya’ni bu test boshqa skrininglar bilan birga ishlatilsa, saratonni erta tashxislash imkoniyati ortadi. Biroq mutaxassislar hali ham qo‘shimcha dalillar kerakligini aytishmoqda.

Buyuk Britaniya Saraton tadqiqotlari tashkilot (Cancer Research UK) ekspertlari fikricha, ba’zan testlar organizmga zarar yetkazmaydigan holatlarni ham saraton deb ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun ehtiyotkorlik bilan yondashish va qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish zarur.

Kelasi yili Angliyada 140 ming bemor ishtirokidagi uch yillik sinov natijalari e’lon qilinadi. Agar natijalar yaxshi chiqsa, test yana 1 million kishiga qo‘llanadi.

Bemorlarning ko‘pi saraton kech aniqlangani uchun hayotdan ko‘z yumadi. Maqsadimiz kasallikni erta aniqlab, davolash imkoniyatini oshirishdan iborat”, – deydi Grail kompaniyasi vakili Sir Harpal Kumar.

Mavzuga oid