Jahon | 13:42 / 20.10.2025
1949
2 daqiqa o‘qiladi

HAMAS G‘azo aholisiga hujum qilish niyatida ekanini rad etdi

AQSh Davlat departamentining HAMASning G‘azo sektorida tinch aholiga «yaqinda» hujum qilishi haqidagi ogohlantirishidan so‘ng, tashkilot bularni «Isroil tashviqotining asossiz da’volari» deb atadi.

Foto: El Baba / UNICEF

HAMAS tashkiloti Vashingtonning G‘azo sektorida falastinlik tinch aholiga hujum qilishni rejalashtirayotgani haqidagi ayblovlarini rad etdi. HAMAS 19 oktyabr, yakshanba kuni qilgan bayonotida buni «Isroil tashviqotiga mos keladigan asossiz da’volar» deb atadi.

Kuni kecha AQSh Davlat departamenti guruh tomonidan G‘azo sektorida yashovchi falastinlik tinch aholiga qarshi rejalashtirilgan hujum haqida ogohlantirdi. Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, mintaqadagi tinchlik rejasi bo‘yicha kafil davlatlarga mavjud o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilganligini ko‘rsatadigan «ishonchli xabarlar» taqdim etdi, deya ma’lum qildi Davlat departamenti. Davlat departamentining qayd etishicha, bunday hujum mintaqadagi tinchlik jarayonidagi taraqqiyotga putur yetkazadi.

10 oktyabr kuni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgan va Isroil qo‘shinlari so‘nggi jangovar harakatlar zonasining qariyb yarmidan olib chiqib ketilganidan so‘ng, G‘azo sektorida Falastin fuqarolarining HAMAS jangchilari tomonidan qatl etilgani haqida xabarlar kelib tushdi, deya xabar berdi dpa Davlat departamenti ma’lumotlariga tayanib.

HAMAS o‘z bayonotida, shuningdek, Isroilni G‘azo sektoridagi «qotilliklar, odam o‘g‘irlash, gumanitar yordamni talon-toroj etish va falastinlik tinch aholiga hujumlar sodir qilgan» «jinoiy to‘dalarni» qo‘llab-quvvatlashda aybladi. So‘nggi haftalarda mintaqada HAMAS boshqaruviga qarshi chiqqan guruh va raqib klanlar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgani haqida ko‘plab xabarlar kelib tushdi, deya ma’lum qildi dpa.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid