Avto | 11:21 / 23.10.2025
2257
2 daqiqa o‘qiladi

Avtobozor sentabr oyida pasaydi, elektromobillar rekord yangiladi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida O‘zbekistonda yengil avtomobillar savdosi 84,6 ming donani tashkil etdi - bu avgustga nisbatan 6,4 foizga kam. Shu bilan birga, elektromobillar segmentida oylik asosda 21,6 foiz o‘sish qayd etildi va rekord ko‘rsatkichga erishildi.

Foto: Energetika vazirligi

Hududlar kesimida eng katta pasayish Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida kuzatildi. Sirdaryo va Toshkent viloyatida esa savdo hajmlari o‘sgani qayd etildi. Mutaxassislar bu siljishlarni mavsumiy omillar, taklif-talab muvozanati va modellar portfelidagi yangilanishlar bilan izohlamoqda.

Sentyabr oyida yangi yengil avtomobillar segmentida faollik pasayib, hajm 31,9 ming donaga tushdi (–15,2 foiz). Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar sotuvi — 27,4 ming dona (–16,1 foiz). Import qilingan yangi avtomobillar — 4,5 ming dona (–8,9 foiz).

Ishlatilgan yengil avtomobillar savdosi 52,6 ming donani tashkil etdi, bu avgustga nisbatan atigi –0,1 foiz. Bu segmentdagi barqarorlik ichki talabning uzluksizligi va moliyaviy imkoniyatlar bilan bog‘liqligi ta’kidlanmoqda.

Sentyabrda 7,8 ming dona elektromobil sotilib, oylik asosda +21,6 foiz o‘sish qayd etildi — bu hozircha eng yuqori oylik natija. Joriy yilning uchinchi choragida yengil elektromobillar sotuvi 20,7 ming donaga yetdi — o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 barobar ko‘p. Eng tez o‘sish Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Samarqand viloyatida qayd etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid