Texnologiya | 18:12 / 23.10.2025
2657
2 daqiqa o‘qiladi

Ayollar uchun pomada rangidagi noodatiy klaviatura taqdim etildi

Elektronika brendi Lofree noodatiy klaviatura taqdim etdi. U Lipstick deb nomlanadi va tashqi ko‘rinishi bilan kosmetika vitrinasini eslatadi.

Foto: Lofree

Klaviatura ayollar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tugmalari turli pomada ranglarida — qizil, to‘q pushti va yana 6 xil tonda tayyorlangan. Yarim shaffof korpusi esa unga yanada nafis ko‘rinish beradi. Eng e’tiborga loyiq joyi — Escape tugmasi. U mini pomada shaklida yaratilgan va haqiqiy bezakdek ko‘rinadi.

Lofree Lipstick ixcham o‘lchamda bo‘lib, 84 ta tugmaga ega. Shu bilan birga, unda barcha kerakli tugmalar — yo‘naltirish, ovoz va multimedia boshqaruviga mo‘ljallangan tugmalar mavjud. Klaviatura Windows, macOS, iOS va Android tizimlari bilan ishlaydi. Ulanishning uch xil usuli bor:

• USB-C kabeli orqali

• Bluetooth orqali

• 2.4 GHz wireless orqali

Simsiz rejimda klaviatura 1000 Hz tezlikda ishlaydi, bu esa o‘yinlar uchun ham qulay.

Tugmalarni istalgan vaqtda almashtirish mumkin, buni hot-swap tizimi ta’minlaydi. Ichki tuzilmasi tovushni yumshata oladi, shuning uchun yozganda klaviatura juda yoqimli va sokin tovush chiqaradi.

Lofree shu uslubdagi kalkulyatorni ham ishlab chiqargan. Unda LED ekran va 20 ta tugma mavjud. U ham alohida ulanadi va mustaqil ishlaydi.

Narxiga keladigan bo‘lsak, klaviatura taxminan 160 dollardan, kalkulyator esa 79 dollardan sotuvga chiqishi kutilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid