Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiya IIV: Sarkozi Parijdagi qamoqxonada qo‘shimcha himoyaga olindi
Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi Parijdagi Sante qamoqxonasida politsiya tomonidan qo‘shimcha himoyaga olindi. IIVda aytishlaricha, siyosatchiga xavf tug‘ilishi mumkin. Qamoqxona xodimlari kasaba uyushmasi bu birinchi shunday holat ekanini ta’kidlamoqda.
Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunes kecha, chorshanba — 22 oktyabr kuni CNews telekanali va Europe 1 radiostansiyasiga ma’lum qilishicha, Parijdagi Sante qamoqxonasida bo‘lgan vaqtda Nikolya Sarkozini ikki nafar politsiya xodimi qo‘shimcha tarzda qo‘riqlamoqda — ular qo‘shni kameraga joylashtirilgan.
«Sobiq prezident o‘z maqomiga ko‘ra himoyaga haqli. Aniqki, unga xavf tahdid qilmoqda. Shu bois u hibsda bo‘lgan paytda ushbu himoya ta’minlanadi», — dedi Nunes. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Sarkoziga qo‘shni kamerada sobiq prezidentlarni qo‘riqlashga ixtisoslashgan bo‘linmaga mansub ikki politsiyachi navbatda turadi va ular butun jazo muddati davomida shu yerda bo‘ladi.
Nunes bu chora qamoqxona ma’muriyati bilan kelishilganini aytdi. Biroq qamoqxona xodimlari kasaba uyushmasi Sarkozi uchun qo‘shimcha himoyani keskin tanqid qildi. «Bu go‘yo biz o‘z ishimizni bajarmas ekanmiz, degandek ko‘rinadi», — dedi kasaba uyushmasi vakili Vilfrid Fonk RTL telekanaliga. U 25 yillik xizmat davomida «hech qachon bunday holatga duch kelmaganini» qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari, BFM TV telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Sarkozi bilan ikki nafar kotiba ishlashda davom etmoqda — ular pochtalarini saralaydi va telefon qo‘ng‘iroqlariga javob beradi.
Sarkozining himoyachisi ma’lum qilishicha, Sante qamoqxonasida mahbuslar yakka kameralarda saqlanadi va sayr vaqtida ham alohida bo‘ladi. Bu siyosatchi boshqa mahbuslar bilan muloqot qilmasligini anglatadi.
Odatda, Parijdagi ushbu qamoqda ovqatni mahbuslardan biri navbat asosida tarqatadi. Sarkoziga nisbatan istisno qo‘llangan: taomni unga qamoqxona xodimi olib keladi.
Himoyachi qo‘shimcha qilishicha, Sarkozining kamerasi — 9 kv metr va juda shovqinli. 70 yoshli siyosatchiga kuniga bir soatdan tor joylangan hovlida sayr qilishga ruxsat beriladi. Haftasiga uch marta uni ko‘rish uchun tashrif buyurish mumkin. Sarkozi qamoqda sport bilan shug‘ullanish va kitob yozishni niyat qilgan.
Mavzuga oid
20:32 / 13.06.2026
O‘zbekistonliklar uchun Fransiyada mavsumiy ish taklif etilmoqda
10:08 / 11.06.2026
Yonilg‘i narxlari oshishi Yevropada elektromobillarga talabni kuchaytirdi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
08:50 / 08.06.2026