Jahon | 11:40 / 23.10.2025
2519
3 daqiqa o‘qiladi

YeP: RFga qarshi sanksiyalar - Serbiyaning YeIga kirishi uchun shart

Serbiya Yevropa Ittifoqiga qo‘shila olmaydi, agar Rossiyaga qarshi yevropalik sanksiyalarga qo‘shilmasa, deb qaror qildi Yevropa parlamenti. Belgrad buni amalga oshirish niyati yo‘qligini bir necha bor bildirgan.

Foto: Frederick Florin/AFP/Getty Images

Rossiyaga qarshi Yevropa sanksiyalar tizimiga qo‘shilish — Serbiyaning YeIga a’zo bo‘lishi uchun majburiy shart. Bunday rezolyutsiyani Yevropa parlamenti chorshanba, 22 oktyabr kuni ma’qulladi. 720 deputatdan 457 nafari «yoqlab», 103 nafari «qarshi» ovoz berdi, 72 nafari neytral qoldi. YeP rezolyutsiyalari YeIning boshqa institutlariga siyosiy pozitsiya va chaqiriqni ifodalaydi, ammo bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatma hisoblanmaydi.

Rezolyutsiya Serbiyaning Novi-Sad shahridagi fojia (unda 16 kishi halok bo‘lgan) sanaci yaqinlashayotganiga bag‘ishlangan. Shu voqeadan so‘ng mamlakatda ko‘psonli namoyishlar boshlangan edi. Yevropa parlamenti norozi bo‘lgan fuqarolarning namoyish o‘tkazish huquqini qo‘llab-quvvatladi va hokimiyatning tarqatish harakatlarini qoraladi.

Yevrodeputatlar, shuningdek, Serbiyada hukumatga bo‘ysunuvchi OAV va mansabdorlar tomonidan olib borilayotgan «antiyevropa va rusparast propaganda»ga ishora qildi. Rezolyutsiyada Serbiyada erkin va adolatli saylovlar o‘tkazishga chaqiriq bor.

«Parlament Serbiyaning YeIga a’zo bo‘lish istiqbollariga qat’iy sodiqligini ta’kidlaydi, biroq bu demokratiya, qonun ustuvorligi va asosiy huquqlar sohasida sezilarli taraqqiyot, shuningdek YeIning umumiy tashqi va xavfsizlik siyosatiga to‘liq moslashish va Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilish sharti bilan», — deyilgan matnda.

Rezolyutsiyaga ko‘ra, YeI vakillaridan iborat delegatsiya «joyiga chiqib vaziyatni, shu jumladan demokratiya holatini baholash uchun» Serbiyaga yuboriladi.

Ilgari Serbiya bir necha bor Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish niyati yo‘qligini bildirgan. Prezident Aleksandr Vuchich shunday bayonotlar bilan 2025 yil iyul va avgust oylarida chiqish qilgan edi.

22 oktyabrdagi YeP rezolyutsiyasi haqida Vuchich TANYuG agentligiga «unda patologik yolg‘on bor», deb izoh berdi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, hujjat ortida Serbiyada «rangli inqilob» uyushtirishga intilgan Xorvatiya turadi.

Mavzuga oid