Ta’lim | 10:23 / 24.10.2025
1557
3 daqiqa o‘qiladi

Mediatsiya institutini takomillashtirish boshlanyapti

Yangi qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga nizolarni muqobil hal qilishda mediatsiya institutini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Hujjatda qayd etilganidek, xorijiy investorlarni jalb qilish bilan bog‘liq yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal etish yoki sud muhokamasining har qanday bosqichida kelishuv bitimiga erishish va nizolashayotgan tomonlar uchun maqbul qaror qabul qilishni ta’minlaydigan mexanizmlarni ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etadi.

Qonunda nizolarni muqobil hal etish mexanizmlaridan biri sifatida mediatsiya tartib-taomilini qo‘llash va mediativ kelishuvlarni amalga oshirishni rag‘batlantiruvchi normalar belgilanmoqda.

Xususan, kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasidagi nizolarni samarali va tezkor hal etishni ta’minlash, shuningdek, mediatsiya tartib-taomillarini keng qo‘llashni rag‘batlantirish orqali sudlar ish yuklamasini optimallashtirish nazarda tutilmoqda.

Agar mediativ kelishuv taraflar tomonidan ixtiyoriy ravishda bajarilmagan bo‘lsa, uni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi masala mediativ kelishuv tuzgan tarafning arizasiga ko‘ra ko‘rib chiqiladi.

Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish quyidagi hollarda rad etiladi, agar:

  • mediativ kelishuv qonun hujjatlariga zid bo‘lsa;
  • bajarilishi lozim bo‘lgan mediativ kelishuv shartlari o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan;
  • mediativ kelishuvda ko‘zda tutilgan majburiyatlarto‘liq bajarildi;
  • ijro varaqasini berish to‘g‘risidagi ariza mediativ kelishuvni ixtiyoriy ijro etish muddati tugagan kundan olti oy o‘tgach berilgan, sud o‘tkazib yuborilgan muddatni uzrli deb topgan va uni tiklagan hollar bundan mustasno.

Mediator tomonidan mediatsiya to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini va mediatorning kasb etikasi qoidalarini buzish unga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

"Notariat to‘g‘risida"gi qonun, Fuqarolik protsessual kodeksi, Oila kodeksi va boshqa hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

 

Mavzuga oid