Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh sulhni nazorat qilish uchun G‘azo osmonida dronlar uchirmoqda
AQSh Markaziy qo‘mondonligi yangi «muvofiqlashtirish markazi»da G‘azodagi vaziyatni real vaqt rejimida kuzatish imkoni mavjudligini bildirdi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu razvedka faoliyati – AQSh Isroildan mustaqil ravishda sektorni o‘rganayotganini anglatadi.
Foto: AFP
AQSh harbiylari so‘nggi kunlarda G‘azoda sulh bitimiga rioya etilishini ta’minlash doirasida sektorda kuzatuv dronlarini ishlatishni boshladi. Bu haqda AQSh va Isroil mudofaa rasmiylariga tayanib, New York Times xabar bermoqda.
Manbalarning aytishicha, dronlar Isroil roziligi bilan G‘azodagi yerusti harakatlarini kuzatish uchun ishlatilmoqda. Anonim sharti asosida so‘zlagan harbiylar dronlarning parvoz yo‘nalishlari oshkor etilmasligini bildirdi.
Kuzatuv missiyalari AQSh Markaziy qo‘mondonligi tomonidan Isroilda tashkil qilingan Fuqaroviy-harbiy muvofiqlashtirish markaziga yordam sifatida amalga oshirilmoqda. Markazning asosiy vazifalaridan biri — sulhni nazorat qilish.
Nashrning yozishicha, 10 oktyabrda kuchga kirgan, AQSh, Qatar va Misr vositachiligida tuzilgan G‘azo bo‘yicha sulh bitimi ayni vaqtda tarang holatga kelib qolgan.
Shu sababli AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens, davlat kotibi Marko Rubio hamda boshqa yuqori lavozimli AQSh amaldorlari sulh bitimini mustahkamlash uchun Isroilga keldi. Tramp ma’muriyatidagi bir necha amaldorlarning aytishicha, Oq uyda — bosh vazir Binyamin Netanyahu bitimdan chekinishi mumkinligidan xavotir mavjud.
Sulhni nazorat qilishga mas’ul AQSh Davlat departamenti, shuningdek Isroil armiyasi ham dronlarga oid savollarga izoh bermadi.
Isroildagi Fuqaroviy-harbiy muvofiqlashtirish markaziga borgan Marko Rubio bu yerda «xalqaro hamkorlardan G‘azoga insonparvarlik, logistika va xavfsizlik yordamini yetkazishni muvofiqlashtirishi»ni bildirdi.
«Bu jarayonda [sulhda] ko‘tarilishlar ham, pasayishlar ham, kutilmagan burilishlar ham bo‘ladi. Ammo erishilayotgan yutuqlar borasida bizda sog‘lom optimizm uchun yetarlicha asos bor», dedi Rubio.
Nega AQSh Isroil dronlaridan foydalanmayapti?
Aslida Isroil va AQSh xavfsizlik masalalarida bir-biri bilan chuqur bog‘langan. Vashington Isroilni qurol va moliyaviy yordam bilan ta’minlaydi, ikki davlat razvedka ma’lumotlarini ham almashadi.
Xususan, G‘azodagi ikki yillik urush davomida Isroil armiyasi razvedka ma’lumotlarini yig‘ish va boshqa maqsadlarda doimiy dronlardan foydalanib kelgan. Urushning dastlabki bosqichlarida AQSh G‘azoda garovdagilarni qutqarish amaliyotlariga yordam berish uchun MQ-9 Reaper dronlaridan foydalangan va ushbu parvozlardan olingan ma’lumotlarni Isroil bilan baham ko‘rgan.
Lekin so‘nggi razvedka faoliyati – AQSh Isroildan mustaqil ravishda G‘azodagi vaziyat haqida o‘z tasavvuriga ega bo‘lishni istayotganini ko‘rsatmoqda.
Barak Obama davrida AQShning Isroildagi elchisi va Jo Bayden davrida Eron bo‘yicha maxsus elchi bo‘lib ishlagan Deniel B. Shapiro bu missiyadan hayratda qolganini bildirdi.
«Bu Isroil faol tahdid sifatida ko‘radigan frontda AQSh monitoringining juda chuqur shaklidir. Agar AQSh va Isroil o‘rtasida to‘liq shaffoflik va to‘liq ishonch bo‘lganida, bunga hojat qolmas edi. Demak, AQSh bu harakatlari bilan – har qanday noaniqlik yoki noto‘g‘ri tushunish imkoniyatini bartaraf etmoqchi», deya Shapironing so‘zlarini keltirmoqda New York Times.
AQSh Markaziy qo‘mondonligining aytishicha, ularda G‘azodagi vaziyatni real vaqt rejimida kuzatish imkoni mavjud.
«Fuqaroviy-harbiy muvofiqlashtirish markazida bizga G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi operatsion maydon mavjud. Biz sulhni saqlab qolish uchun juda jiddiy ishlayapmiz. Vaziyat juda nozik», dedi CENTCOM vakili kapitan Timoti Xokins.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
07:38