Jamiyat | 15:05 / 25.10.2025
3484
1 daqiqa o‘qiladi

Chek bermaganlikka oid murojaatlar uchun fuqarolarga 24,1 mlrd so‘m to‘landi

O‘zbekistonda 2025 yil yanvar-sentabr oylari davomida soliq qoidalarini buzish haqida xabar bergan fuqarolarga jami 24,1 milliard so‘m mukofot to‘landi. Bu - undirilgan jarimalar summasining 20 foizini tashkil etadi.

Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumoticha, ko‘rsatilgan davrda Soliq mobil ilovasidagi Soliq hamkor tizimi orqali 82,8 mingdan ortiq shikoyat qabul qilingan. Eng ko‘p qayd etilgan qonunbuzarlik — fiskal chek bermaslik: bu yo‘nalishda 74 970 ta murojaat tushgan. Shuningdek, plastik kartalar orqali to‘lovni qabul qilishdan bosh tortish bo‘yicha 3 001 ta, kartadan to‘lov summasini asossiz oshirish va boshqa qonunbuzarliklar bo‘yicha 4 702 ta ariza kelib tushgan.

Murojaatlar asosida 34,1 mingta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilib, holatlarning 98,8 foizida qoidalar buzilgani tasdiqlangan. Amaldagi tartibga ko‘ra, fuqarolarga to‘lanadigan mukofot undirilgan jarima summasining beshdan bir qismiga teng.

Joriy yilning to‘qqiz oyi yakuni bo‘yicha davlat budjetiga 158,7 trln so‘m soliq tushumlari yig‘ilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga yuqori.

Mavzuga oid