Jahon | 08:23 / 25.10.2025
6451
4 daqiqa o‘qiladi

Dmitriyev: Zelenskiy urushni tugatish sari katta qadam qo‘ydi

Kiyev va Moskva Ukrainadagi urushni diplomatik yo‘l bilan yakunlashga yaqin, chunki Volodimir Zelenskiy front chizig‘ini “tan oldi”, deb ma’lum qildi RF prezidenti Vladimir Putinning maxsus vakili Kirill Dmitriyev.

Foto: Baraa Anwer/AP Photo/picture alliance

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning RFning Ukrainaga qarshi urushi front chizig‘i bo‘yicha to‘xtatilishi mumkinligi haqidagi bayonotlari uning “diplomatik yechim” sari katta qadami, deb aytdi AQShda tashrif bilan bo‘lib turgan, Rossiya prezidentining xorijiy mamlakatlar bilan investitsiyaviy-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili va RF To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) rahbari Kirill Dmitriyev CNN telekanali efirida.

“Menimcha, Rossiya, AQSh va Ukraina haqiqatan ham diplomatik yechimga juda yaqin. Prezident Zelenskiy allaqachon so‘z front chizig‘i haqida ketayotganini tan olgani katta qadam”, — dedi Dmitriyev CNN boshlovchisi Jyeyk Tapper bilan suhbatda. RF vakili qo‘shimcha qilishicha, Ukraina rahbari ilgari o‘z hududidan rossiyalik qo‘shinlarni to‘liq chiqarishni talab etgan edi: “Shunday ekan, aslida biz ishlab chiqilishi mumkin bo‘lgan diplomatik yechimga yetarlicha yaqin turibmiz, deb o‘ylayman”, — deya izohladi Kirill Dmitriyev.

Shu bilan birga, Dmitriyev Moskvaning “xavfsizlik kafolatlari” va Kreml pozitsiyalarini tushunishning “ahamiyati” haqidagi bayonotlarini takrorlab, Ukrainadagi harbiy harakatlarni davom ettirishni ana shu bilan asosladi.

Kirill Dmitriyev AQSh prezidenti Donald Trampning Budapeshtda rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan o‘zi e’lon qilgan uchrashuvni bekor qilish qaroriga oid savolga javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbarlari uchrashuvi albatta bo‘ladi, ammo “ehtimol, keyinroq”, chunki “Rossiya bilan muloqot olib borgan ma’qul, muloqotsizlikdan ko‘ra”.

Tramp ham Putin bilan tayyorlanayotgan uchrashuv bekor qilinganini aytganda, sammit “kelajakda” bo‘lishini ta’kidlagan edi.

Shu bilan birga, Dmitriyevning aytishicha, Vashington va Moskva mahbuslar almashinuvini davom ettirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Ammo gap “odatiy” ishlar emasligi haqida, deb yozadi OAV RF vakilining jurnalist Sara Loganga aytgan so‘zlariga tayanib. AQShga tashrifi doirasida Dmitriyev shuningdek Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan “AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar muhokamasini davom ettirish” uchun uchrashadi. Uning safari Budapesht sammiti bekor qilishdan va Trampning “Lukoyl” hamda “Rosneft”ga nisbatan sanksiyalar joriy etish qaroridan oldin rejalashtirilgan edi.

Moskva Dmitriyevning AQShga tashrifidan avvaloq Ukrainada front chizig‘i bo‘yicha janglarni darhol muzlatish g‘oyasini rad etgan edi. RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, Ukrainada darhol otashkesm talab qilish “Alyaskada erishilgan kelishuvlarga zid”. Rossiya vaziriga ko‘ra, bu kabi to‘xtatish Ukraina hududining katta qismi Kreml “natsistik rejim” deb ataydigan saylangan hokimiyat qo‘lida qolishini anglatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid