Jahon | 15:28
1139
4 daqiqa o‘qiladi

Uitkoff AQShda Putinning elchisi Dmitriyev bilan uchrashdi

Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev AQShda Amerika tomoni bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kun tartibida Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni bekor qilish masalasi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi Floridada Amerika delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda 11 mart, chorshanba kuni AQSh prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar qildi.

Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomonidan uchrashuvda u bilan birga AQSh prezidentining kuyovi Jared Kushner va AQSh Umumiy xizmatlar boshqarmasining federal xaridlar xizmati komissari Josh Gryunbaum ham ishtirok etgan. So‘nggisi 2025 yil oxiridan buyon Rossiya va AQSh delegatsiyalari uchrashuvlarida qatnashib kelmoqda, ammo uning muzokaralardagi roli haqida ma’lumot berilmagan.

Uitkoff bo‘lib o‘tgan uchrashuv tafsilotlarini keltirmadi. “Jamoalar turli mavzularni muhokama qildi va aloqada bo‘lib turishga kelishib oldi”, — deb yozdi amaldor. Dmitriyev ham uchrashuvni “samarali” deb atadi, ammo u ham tafsilotlarni ochiqlamadi.

Dmitriyevning AQShga tashrifi oldindan e’lon qilinmagan edi, ammo u AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi fonida Yaqin Sharq mamlakatlaridan neft yetkazib berish inqirozi boshlangan paytga to‘g‘ri keldi. Zarbalarga javob tariqasida Tehron jahon bozorlariga yetkazib beriladigan neftning taxminan 20 foizi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda to‘sib qo‘ydi, bu esa butun dunyo bo‘ylab yonilg‘i narxining sezilarli oshishiga olib keldi.

Shu vaziyatda AQSh dengizdagi tankerlarda turgan Rossiya neftini Hindistonga vaqtincha sotib olishga ruxsat berdi. Vashingtonda Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni bekor qilish yoki bozorlar beqarorligi sharoitida ularni yumshatish ehtimoli haqida ishoralar ham yangragan edi. Dmitriyev safaridan bir oz oldin X ijtimoiy tarmog‘ida AQSh bilan aynan shu masalani muhokama qilayotganini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, Dmitriyev bilan uchrashuvdan bir kun oldin Uitkoff Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish bo‘yicha muzokaralarda “burilish nuqtasi” yuzaga kelishi mumkinligining belgilari borligini aytgan edi. Ukraina, Rossiya va AQSh delegatsiyalarining navbatdagi uch tomonlama uchrashuvi, taxminlarga ko‘ra, mart oyining ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadi — u Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashgani sabab kechiktirilgan.

Uitkoff va Dmitriyevning Floridadagi uchrashuvidan sal oldin Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish masalasi G7 davlatlari rahbarlarining videomajlisida ham ko‘tarilgan edi. Uning yakunlariga ko‘ra, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron “Katta yettilik” davlatlari Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan neft yetkazib berishdagi muammolar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni, jumladan Rossiya neftiga qo‘yilgan narx chegarasini, “hech qaysi holatda” bekor qilishni oqlamaydi, degan xulosaga kelganini bildirdi.

“Katta yettilik” davlatlari yetakchilari videokonferensiyasida AQSh prezidenti Donald Tramp ham ishtirok etgan, u bundan oldin “ayrim davlatlar”ga nisbatan neft sanksiyalarini bekor qilishga ishora qilgan edi. Uning G7 umumiy pozitsiyasiga qarshi chiqqan-chiqmagani haqida ma’lumot yo‘q. Biroq AQSh 2025 yil kuzida Rossiya neft sohasiga qarshi alohida sanksiyalar joriy etgan va ularga amal qilinmagan taqdirda yuqori boj to‘lovlari bilan tahdid qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid