Jahon | 15:09 / 25.10.2025
2023
4 daqiqa o‘qiladi

Dumada xalqaro qo‘ng‘iroqlarni cheklash taklif qilindi

Rossiyada telefon orqali sodir etiladigan firibgarlikka qarshi kurash maqsadida statsionar telefon apparatlarida xalqaro qo‘ng‘iroqlarni bloklash imkonini ko‘rib chiqish kerak, deb ma’lum qildi payshanba, 23 oktyabr kuni Davlat dumasi Axborot siyosati qo‘mitasi raisi Sergey Boyarskiy.

Uning fikricha, Rossiya foydalanuvchilari uchun WhatsApp va Telegram messenjerlarida qo‘ng‘iroqlar cheklangandan keyin, firibgarlar «statsionar aloqa»ga «ko‘chib o‘tgan». «Endi o‘sha yerda xalqaro qo‘ng‘iroqlarni o‘chirish kerak. Bu haqda huquqni muhofaza qilish idoralari ham gapiryapti, chunki eng ko‘p jabrlanuvchilar — pensionerlar. Ular (firibgarlar — tahr.) uy telefoniga qo‘ng‘iroq qiladi, keyin ssenariy bo‘yicha ma’lumot aniqlash bahonasida uyali aloqaga o‘tishi mumkin», — deya Boyarskiy so‘zlarini keltiradi Rossiyaning TASS davlat axborot agentligi.

Shu bilan birga, deputat xalqaro qo‘ng‘iroqlarni statsionar aloqa orqali amalga oshirish muhim bo‘lgan rossiyaliklar uchun mazkur blokirovkani bekor qilishning «qulay mexanizmi»ni yaratish zarurligini ta’kidladi.

Boyarskiy, shuningdek, virtual telefon stansiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini «chegaralash» zarurligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tizimlar suiiste’mol qiluvchilarga shahar kodlari bilan raqamlarni ijaraga olib, o‘zini rasmiy xizmatlar sifatida ko‘rsatish imkonini beradi.

Deputat, bundan tashqari, qurilmalarni IMEI — mobil uskunaning xalqaro identifikatori (15 raqamli kod) — bo‘yicha identifikatsiya qilish tizimini tez fursatda joriy etilishidan umid bildirdi. Boyarskiy fikricha, operatorlar fuqarolarga SIM-kartani muayyan qurilmaga bog‘lash imkonini berishi lozim; bunday SIM-karta boshqa qurilmada ishlamaydi. Bu chora, deb ta’kidladi u, kartalarni qayta chiqarish (re-issue) xavfini va akkauntlar hamda servislar buzilishi (komprometatsiya) ehtimolini pasaytiradi.

22 oktyabr kuni Roskomnadzor (RKN) Rossiyada ayrim mintaqalarda, ayniqsa mamlakatning janubida, WhatsApp va Telegram messenjerlarida kuzatilgan uzilishlar fonida «ishning qisman cheklanishi» haqida ma’lum qildi. «Huquqni muhofaza qiluvchi organlar materiallariga muvofiq, jinoyatchilarga qarshi kurashish maqsadida xorijiy messenjerlar ishini qisman cheklash choralari ko‘rilmoqda», — deyilgan idora bayonotida.

Bundan avval, 13 avgust kuni, RKN ushbu messenjerlarda «qo‘ng‘iroqlarning qisman cheklanishi» haqida xabar bergan edi. O‘shanda ham idora «huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotlari va fuqarolardan kelib tushgan ko‘plab murojaatlar»ga tayangan holda Telegram va WhatsApp rossiyalik fuqarolarga tahdid solishda qo‘llanayotganini bildirgan. Bir necha kun oldin Rossiya foydalanuvchilari uzilishlardan shikoyat qilgandi.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, xorijiy messenjerlarda qo‘ng‘iroqlarni bloklash tashabbusi Rossiyadagi aloqa operatorlari «katta to‘rtligi» (Ms, «Megafon», «Bilayn» va Tele2) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Operatorlar pozitsiyalaridan biri shundayki: bu qadam, go‘yoki, messenjerlarni umuman bloklash ehtimolining oldini oladi, «chunki kuch tuzilmalarining asosiy da’volari bartaraf etiladi». Yana bir pozitsiyaga ko‘ra, qo‘ng‘iroqlarni cheklash kiberfiribgarlik muammosini hal etishga ko‘maklashadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid