Jahon | 17:50 / 25.10.2025
6144
2 daqiqa o‘qiladi

Narkokartellar sharbat va ziravorlarga kokain qo‘shishni boshladi

Ular Yevropaga giyohvandlik moddalarni yetkazishning yangi yo‘llarini o‘ylab topdi.

Foto: Marcus Brandt/globallookpress

Yevropa narkokartellari kokainni tashishning yangi usullarini o‘ylab topdi - endi uni hatto meva sharbati va ziravorlar ichiga yashirmoqda. Bu haqda Germaniya Federal jinoiy idorasi rahbari Holger Myunx uyushgan jinoyatchilik faoliyati bo‘yicha yangi hisobotni taqdim etar ekan, aytib o‘tdi.

Ochiq dengizda yuklarni yetkazib berishning an’anaviy sxemalaridan tashqari, kontrabandachilar giyohvand moddalarni suv ostida yetkazib berish uchun mini suvosti kemalari, tezkor shishirilgan qayiqlar va hatto maxsus kapsulalardan tobora ko‘proq foydalanmoqda.

«So‘nggi yillarda biz, shuningdek, uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan Janubiy Amerikadan Yevropaga yuboriladigan ziravorlar, meva sharbatlari yoki plastmassa kabi eksport tovarlariga kokain qo‘shish uchun kimyoviy jarayonlardan foydalanish tendensiyasini kuzatmoqdamiz», deb tushuntirdi Myunx.

Kokain shunday aralashtiriladiki, uni port yoki aeroportlardagi tekshiruvda aniqlab bo‘lmaydi. Keyin, Myunx so‘zlariga ko‘ra, u sanoat zonalarida joylashgan noqonuniy laboratoriyalarda ajratib olinadi.

Qayd qilinishicha, so‘nggi yillarda kontrabandaning asosiy yo‘nalishlari Belgiya va Niderlandiyadan Ispaniya va Fransiyaga ko‘chgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid