Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Starship’ni Uranga uchirish taklif qilindi
Hozirgi rejalarga ko‘ra, Uranga yangi missiyani 2030-yillar boshida yo‘lga qo‘yish kerak, ammo o‘sha vaqtgacha zondni qurib, tayyorlashga ulgurish kechikishi mumkin. Bu hatto yaxshiroq yechimga aylanishi mumkin: olimlar hozir sinovdan o‘tayotgan yangi Starship kosmik tizimidan foydalanib, muzli gigantga parvoz qilish variantni ko‘rib chiqmoqda. U an’anaviy sxemaga nisbatan Uranga bir necha yil tezroq yetib borishi mumkin.
«Voyajyer-2» zondi 1986 yil 24 yanvarda Urandan 81,5 ming kilometr masofada parvoz qilgan — bu hozirgacha ushbu sayyorani yaqindan kuzatgan yagona holatdir. O‘shanda qator ilgari noma’lum yo‘ldoshlar va halqalar topilgan, eng muhimi — hanuzgacha izohi qiyin bo‘lgan ayrim xususiyatlar aniqlangan.
Masalan, Uranning magnit maydoni faqat markazidan siljigandek emas, balki aylanish o‘qiga nisbatan qattiq egilib ham turadi. Bu holat sayyoraning o‘ziga xos katta burchagi («Uran yonboshlab yotishi») bilan qo‘shilgach, murakkab manzara paydo qiladi. Bundan tashqari, o‘shanda Uranda ichki issiqlik aniqlanmagan — bu ham g‘alati. Nihoyat, ayrim yo‘ldoshlari qa’rida muz ostidan okeanlar mavjudligi taxmin qilinadi.
Uran va uning tizimiga oid o‘n yillar davomida to‘plangan savollarni ochiqlashtirish uchun Uranus Orbiter and Probe missiyasi konsepsiyasi ishlab chiqilgan. U sayyoraga bir vaqtning o‘zida ikki kosmik apparat yuborishni nazarda tutadi: biri Uran yo‘ldoshiga aylanadi, ikkinchisi esa uning atmosferasiga tushib, u yerdan ma’lumot to‘playdi.
Bugungi rejaga ko‘ra, ularni 2031–2032 yillarda Falcon Heavy raketacida uchirish, qo‘shimcha tezlanish uchun Yupiter yonida gravitatsion manyovr o‘tkazish va 2044–2045 yillarda Uranga yetib borish nazarda tutilgan. Biroq bunday ssenariy belgilangan muddatlarda amalga oshmasligi ehtimoli bor: zondlar hali «loyiha» bosqichida. Kelasi o‘n yillik boshigacha ularni tayyorlash kechikishi mumkin, bu esa Yupiter gravitatsiyasidan foydalanish imkoniyatini yo‘qotishni anglatadi: keyingi startda u apparatlar trayektoriyasidan «chetga chiqib ketadi».
Bu butun missiyani jiddiy cho‘zadi. Zondlar faqat 2050-yillarda Uranga yetib boradi. Olimlar esa asr o‘rtasigacha ulgurishni istayapti: 2049–2050 yillarda sayyoraning shimoliy yarmida bahorgi teng kun-tun boshlanadi va fasllar almashinishini yaqindan kuzatish juda qiziq bo‘ladi.
Ayniqsa, NASA budjeti qisqartirilishi fonida holat mutlaqo umidsizdek tuyuldi. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda muzli gigant tadqiqotchilarida yangi umid paydo bo‘ldi: u Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi Marsga pilotli parvozlar uchun ishlab chiqib, sinovdan o‘tkazayotgan Starship kosmik tizimi bilan bog‘liq. Uni Uranga zond yuborishda qanday ishga solish mumkinligi haqida Massachusets texnologiya instituti mutaxassislari AQShdagi IEEE Aerospace konferensiyasida taqdim etilgan yaqindagi maqolada so‘zlab berdi.
Olimlarning aytishicha, Uranga parvoz uchun Starship’ning eng muhim xususiyatlaridan biri — kosmosda qayta yonilg‘i quyish imkoni. «Bo‘sh» kema orbitaga chiqariladi, so‘ng unga xuddi shunday, yonilg‘iga to‘la kemalar yuboriladi. Ular navbatma-navbat asosiy kemaga tutashib, unga yonilg‘i yetkazib beradi. Shundan keyin Starship Quyosh tizimi bo‘ylab sayohatga tayyor bo‘ladi.
Hisob-kitoblar ko‘rsatdiki, shuning hisobiga Yupiter yaqinidan gravitatsion tezlanishsiz ham uchib o‘tsa bo‘ladi: yettita–to‘qqizta qayta yonilg‘i seansidan so‘ng Starship o‘z kuchiga tayanib, ko‘pi bilan 10 yilda Urangacha yetib bora oladi. Borib yetgandan keyingi harakatlar bo‘yicha uchta ssenariy muhokamada. Ularning birida zond ajralib chiqqanidan so‘ng kerakli orbitaga mustaqil chiqadi, qolgan ikkita ssenariyda bu ishni Starship o‘zi amalga oshiradi.
Demak, kema atmosferada tormozlanishi kerak bo‘ladi. Buni dvigatellar yordamida qilish mumkin, ammo yonilg‘i sarfi katta chiqadi. Shuning uchun yana bir, juda jasur usul bor — kemaning korpusi bilan tormozlanish: atmosferaga ishqalanib, oxir-oqibat tezlik pasayadi. Bu sxema aeroushlash deb ataladi. U xavfli, biroq foydali: atigi yetti yilda Uranga olti tonnagacha foydali yuk yetkazib berish mumkin.
Mavzuga oid
11:14 / 14.10.2025
SpaceX Starship'ning 11-sinovini muvaffaqiyatli yakunladi
10:03 / 27.08.2025
SpaceX'ning Starship kemasi 10-sinov parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirdi
11:26 / 25.08.2025
SpaceX Starship kemasi prototipining 10-parvozini bekor qildi
08:42 / 20.08.2025