O‘zbekiston | 13:50 / 26.10.2025
12298
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning maxsus vakili Toshkentga keldi

AQSh delegatsiyasi muhim minerallar va energetika sohasidagi savdo-sotiq, investitsiyalar va C5+1 formatidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilmoqchi.

Foto: AQSh elchixonasi

AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor va AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau Toshkentga tashrif buyurdi.

«Toshkentda birinchi kun ajoyib! Maxsus vakil Gor va Davlat kotibi o‘rinbosari Landau O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishganlaridan juda mamnun bo‘lishdi», deyiladi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabarida.

Bundan oldinroq mazkur tashrifda muhim minerallar va energetika sohasidagi savdo-sotiq hamda sarmoyalar, shuningdek, S5+1 formatidagi mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilinishi xabar qilingandi.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekistonni istiqbolli imkoniyatlar kutmoqda!» – deya qayd etgandi elchixona.

AQSh Davlat departamenti esa delegatsiya har ikki mamlakatda hukumat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, qator ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqishi, kun tartibiga iqtisodiy aloqalar, mintaqaviy xavfsizlik va o‘zaro manfaatli sheriklik masalalari kiritilganini xabar qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Serjio Gor sentabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi chog‘ida o‘zbekistonlik jurnalistlarga intervyu berib, «Tramp O‘zbekiston prezidentini juda hurmat qilishi» haqida gapirgandi.

Mavzuga oid