O‘zbekiston | 18:01 / 27.10.2025
5786
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo bolalarini birlashtirgan kema Samarqandga yetib keldi...

Taniqli rassomlar Ilya va Emiliya Kabakovlarning «Bag‘rikenglik kemasi» xalqaro loyihasi ilk bor Markaziy Osiyoda namoyish etildi. Loyiha O‘zbekiston bolalarining tinchlik, umid va birdamlik haqidagi 1000 dan ortiq rasmlarini mujassam etgan yelkan orqali o‘z g‘oyasini ifoda etmoqda.

YuNeSKOning 43-sessiyasi va XIV Yoshlar forumi doirasida «Bag‘rikenglik kemasi» loyihasining 20 yilligi keng nishonlandi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan amalga oshirildi.

«Bag‘rikenglik kemasi» taniqli rassomlar Ilya va Emiliya Kabakovlar tomonidan 2005 yilda Misrda boshlangan. Bugunga qadar dunyoning 20 ga yaqin shahrida namoyish etilgan xalqaro badiiy loyiha hisoblanadi. U san’at vositasida madaniyatlararo muloqot, bag‘rikenglik va tinchlikni targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Samarqanddagi loyiha doirasida O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan bolalar chizgan rasmlar asosida yelkan o‘rnatildi. Har bir rasm tinchlik, umid va birdamlik timsoli sifatida «kemani» bezab turibdi.

YuNeSKO Yoshlar forumi doirasida o‘tkazilgan xalqaro bolalar konsertida esa o‘zbekistonlik va xorijiy ijrochilar, orkestrlar, ansambllar va xor jamoalari ishtirok etdi. Ular mumtoz hamda an’anaviy kuy-qo‘shiqlar orqali loyiha targ‘ib qilayotgan g‘oyalarni - muloqot, ijodkorlik va birlashuvni - musiqiy ifodada yetkazdilar.

Loyiha tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, «Bag‘rikenglik kemasi» dunyo bolalarining umumiy ovozidir. U millat, din yoki tilga qaramasdan, insoniyatni tinchlik va tushunish sari chorlaydi.

Kabakovlarning ushbu loyihasi so‘nggi yigirma yil ichida Venetsiya, Moskva, London, Nyu-York va boshqa shaharlarda «tinchlik va birdamlikning tirik yodgorligi» sifatida e’tirof etilgan. Endi esa bu ramziy kema Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy bog‘liqlik timsoli sifatida Samarqand osmonida «yelkan yozmoqda».

Mavzuga oid