Jahon | 09:35 / 27.10.2025
2698
2 daqiqa o‘qiladi

Koreya noqonuniy migrantlarga qarshi keng ko‘lamli reydlarni boshladi

Janubiy Koreyada mamlakatda noqonuniy ravishda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarga qarshi keng ko‘lamli reydlar boshlandi. Tekshiruvlar Adliya vazirligi, politsiya, dengiz politsiyasi, shuningdek mehnat va transport vazirliklari ishtirokida o‘tkazilmoqda.

Foto: Kun.uz 

Qo‘shma operatsiyalar joriy yilning 12 dekabrigacha davom etadi va qonuniy asosga ega bo‘lmagan migrantlarni, mahalliy aholi ish o‘rinlarini egallab turgan chet ellik xodimlarni, vositachilarni hamda me’yorlarga zid faoliyat yurituvchi shaxslarni aniqlashga qaratilgan. Alohida e’tibor APEC 2025 Korea sammiti arafasida nazorat va xavfsizlik choralari kuchaytirilgan Kyonju shahri va unga tutash hududlarga qaratilayotgani ma’lum qilindi.

Migratsiya qonunchiligini buzganlik uchun jarima, deportatsiya va mamlakatga qayta kirishni taqiqlash kabi choralar ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Adliya vazirligi reydlar paytida chet ellik fuqarolarning inson huquqlariga rioya qilinishiga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi. Vazirlik, shuningdek, noqonuniy maqomni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish kelgusida jiddiy huquqiy oqibatlardan qochishga yordam berishini eslatdi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon E-9 vizasi shartlarini buzgan 26 nafar fuqaroga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilgan. Uch tomonlama kelishuvga muvofiq, ularning har biri noqonuniy bo‘lib turgan har bir oyi uchun 2000 dollar miqdorida jarimaga tortilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid