Jahon | 14:14 / 28.10.2025
8674
4 daqiqa o‘qiladi

«Lukoyl» sanksiyalar tufayli xorijdagi aktivlarini sotadi

Kompaniya Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarboyjon, Moldova, BAA, Iroq, Kamerun, Nigeriya, Gana va boshqa mamlakatlarda faoliyat yuritadi, Yevropada neftni qayta ishlash zavodlari va dunyoning 19 mamlakatida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘iga ega.

Foto: Kun.uz

Rossiyaning eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri «Lukoyl» «ayrim davlatlar» tomonidan joriy etilgan sanksiyalar tufayli xorijdagi aktivlarini sotish niyatida ekanini ma’lum qildi.

27 oktyabr kuni e’lon qilingan bayonotda «Lukoyl» «potensial xaridorlarning takliflarini ko‘rib chiqish allaqachon boshlangani»ni qayd etgan. Aktivlarni sotish AQSh Moliya vazirligining Tashqi aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) ruxsati bilan operatsiyalarni yakunlash litsenziyasi (wind down license) doirasida amalga oshiriladi. Zarur hollarda kompaniya xorijiy bo‘linmalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirishni so‘rashni rejalashtirmoqda.

«Lukoyl» bilan operatsiyalarni to‘xtatish uchun OFAC 21 noyabrga qadar muhlat bergan.

Asosiy tuzilmalardan tashqari «Lukoyl» ulushi 50 foizdan ortiqni tashkil etadigan shu’ba kompaniyalar ham sanksiyalarga duchor bo‘lgan. Mutaxassislar fikricha, «Lukoyl»ning ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan loyihalarda aktivlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish talab qilinmasligi mumkin, ammo yakuniy qaror milliy hukumatlarning pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Shunga qaramay, AQShning blokirovka choralari kompaniyani tegishli tuzilmalarni boshqarish va ularning faoliyatidan daromad olish imkoniyatidan mahrum qilmoqda.

Kompaniya Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarboyjon, Moldova, BAA, Iroq, Kamerun, Nigeriya, Gana va boshqa mamlakatlarda faoliyat yuritadi, Yevropada neftni qayta ishlash zavodlari va dunyoning 19 mamlakatida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘iga ega.

OFAC Qozog‘iston neftini yetkazib berishda uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun «Lukoyl»ning Qozog‘istonning ikkita asosiy eksport yo‘nalishida – Atirau oblastidagi Tengiz konida va Kaspiy quvurlari konsorsiumida (KTK) ishtirokini istisno qildi, deb yozadi «RBK».

Qozog‘istonning o‘zida «Lukoyl» bir nechta yirik loyihalarda, jumladan, Kaspiy shelfidagi «Kalamkas-more, Xazar va Avezov»da 50 foiz (bitim taxminan 200 million dollarga baholanadi), «Al-Farobiy» loyihasida 49,9 foiz, «Tengiz» loyihasida 5 foiz va «Karachaganak» loyihasida 13,5 foiz ulushga ega.

O‘zbekistonda «Lukoyl» yigirma yil ichida neft va gaz sanoatiga 10 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritib, respublikadagi eng yirik investorlaridan biriga aylangan.

Hukumat 2004 yilda mazkur kompaniya bilan Buxoro viloyatidagi «Qandim-Hauzak-Shodi» (35 yil muddatga, 2014 yilda yana 7 yilga – 2046 yilgacha uzaytirilgan) va Qashqadaryodagi «Janubi-G‘arbiy Hisor» (2007 yilda kuchga kirgan va 36 yilga, 2043 yilgacha mo‘ljallangan) loyihalari bo‘yicha mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimni imzolagan.

«Lukoyl»ning O‘zbekistondagi eng yirik loyihasi yiliga 8,1 milliard metr kub gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasi bo‘lib, uning umumiy sarmoyasi 3,5 milliard dollarni tashkil etadi. «Lukoyl» O‘zbekistonda «O‘zbekneftgaz»dan keyin ikkinchi yirik gaz ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. 2024 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, kompaniyaning to‘plangan gaz qazib olish hajmi 134,4 milliard metr kubga yetgan.

Bundan oldinroq Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov AQShning «Lukoyl» va «Rosneft»ga qarshi sanksiyalariga izoh berib, bu O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi, ammo uzoq muddatli shartnomalar va diplomatik mexanizmlar ehtimoliy oqibatlarni kamaytirishga imkon berishini aytgandi. U mamlakat sanksiyalar rejimiga rioya qilish bo‘yicha qat’iy pozitsiyaga egaligini ta’kidlagan.

Mavzuga oid