Jahon | 11:52 / 28.10.2025
2467
2 daqiqa o‘qiladi

BfV rahbari: Rossiya Germaniyada demokratiyaga ishonchni buzishga urinmoqda

Moskva siyosiy spektrning bir qismi tarafdorlariga ta’sir o‘tkazishga va Germaniyada avtokratik g‘oyalarga ko‘proq qo‘llab-quvvatlashni oshirishga intilmoqda, deb hisoblaydi Konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish federal idorasi (BfV) rahbari Zinan Zelen.

Foto: Getty images

Rossiya Germaniyada qaror qabul qiladigan siyosatchilarga maqsadli ravishda ta’sir ko‘rsatishga urinmoqda, dedi BfV rahbari Zinan Zelen (Sinan Selen) dushanba, 27 oktyabr kuni RTL telekanali efirida.

«Ta’sir alohida shaxs yoki partiyalar bilan cheklanmaydi. E’tiborni tortgan tomoni shundaki, bunday sa’y-harakatlar ayniqsa siyosiy spektrning chekka qanotlari tarafdorlariga nisbatan faol amalga oshirilmoqda, — dedi u. — Ham so‘l, ham o‘ng qanot ichida aloqalar o‘rnatish va kengaytirishga urinish bo‘lyapti, chunki muvaffaqiyatga umid qilmoqda».

Zelenning so‘zlariga ko‘ra, «Moskva Germaniyada shunday kayfiyatni shakllantirishga harakat qilmoqdaki, unda totalitar va avtokratik g‘oyalar erkin, demokratik g‘oyalarga qaraganda tezroq aks-sado topadi».

Bundan oldin Tyuringiya ichki ishlar vaziri Georg Mayyerning bayonoti Germaniyada katta ijtimoiy rezonans keltirib chiqargan edi. Uning ta’kidlashicha, o‘ta o‘ng qanotdagi «Germaniya uchun muqobil» (AfD) partiyasi federal yerlar parlamentlari va Bundestagdagi «kichik so‘rovlar» orqali Rossiya foydasiga josuslik olib boryapti. AfD bu kabi ayblovlarni rad etmoqda; ayblashlar hokimiyatdagi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi hamda Xristian-demokratik ittifoq / Xristian-ijtimoiy ittifoq (CDU/CSU) bloki, shuningdek, muxolifatdagi «yashillar» tomonidan ilgari surilgan. AfD fraksiyasi Tyuringiya landtagda Mayyerning ayblovlari bo‘yicha huquqiy choralar ko‘rmoqda.

German maxsus xizmati rahbari Rossiyaning Germaniyaga qarshi gibrid urushi chizig‘ini alohida chaqiriq deb hisoblaydi. Uning bayonotiga ko‘ra, bu abstrakt emas, balki haqiqiy, «hozir bo‘layotgan» tahdiddir. Bunday urush usullariga u, jumladan, josuslik, diversiya va kiberhujumlarni kiritdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid